Ming afsuski, XXI asr insoniyat uchun og‘ir sinovlar bilan boshlandi. Go‘yoki, Islom diniga daxldor bo‘lgan bir guruh kimsalar tomonidan amalga oshirilgan xurujlar oqibatida bir necha ming begunoh insonlar dahshatli tarzda bevaqt olamdan ko‘z yummoqda. Zaminimizning turli yerlarida xunrezliklar muqaddas Islom dinimiz nomidan hamon davom ettirilmoqda.
Zotan birorta ham haqiqiy iymonli kishi, qaysi dindaligidan qat’iy nazar, o‘z aqidasi yo‘lida begunoh odamlarni o‘ldirmaydi.

Insonlarni nohaq o‘ldirish ulkan gunoh hisoblanadi va ana shu gunohkor do‘zaxning dahshatli azoblariga mangu duchor bo‘ladi. Parvardigorining beradigan jazosi va azoblaridan qo‘rquvchi chin iymon egalari bunday yovuzlikka har qanday holatda ham qo‘l urmaydilar. Mohiyatiga ko‘ra, gunohsiz odamlarga nisbatan go‘yoki «din yo‘lida» amalga oshirilgan har qanday zo‘ravonlik va zulm ilohiy din ustidan zulm hisoblanadi.

Alloh taolo iymon egalariga sevgi, rahm-shafqat va tinchlik-osoyishtalikni buyuradi. Terror esa iymonning tamomila aksidir. U o‘z oldiga berahmlik, shafqatsizlik, zulm, qotillik va azob-kulfatlarni maqsad qilib qo‘yadi. Umumlashgan tushunchada «terror» degani u yoki bu ko‘rinishda siyosiy maqsadlarga erishish uchun harbiy bo‘lmagan ob’ektlarga, tinch aholiga qarshi kuch ishlatishdir. Boshqacha aytganda, hech bir gunohsiz kishilar terrorning nishoni bo‘lishadi. Terrorchilar nazdida ana shu odamlarning birdan-bir aybi ularning «boshqa tomonda» bo‘lganlaridir. Demak, terror begunoh odamlarga qarshi zo‘ravonlikni anglatadi, uni ma’naviy jihatdan hech qachon oqlab bo‘lmaydi.

Islomning bosh manbasi bo‘lmish Qur’oni karimning axloqiy asosi oqibat, rahm-shafqat, mehribonlik, kamtarlik, havoyi nafsdan voz kechish, hurmat va tinchlikka asoslangan. Ana shu ilohiy ko‘rsatmalarga amal qiluvchi musulmonlar hamisha favqulodda yumshoq fe’lli, rahm-shafqatli, adolatparvar va sofdil bo‘ladilar.

Zero, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ne’matlaridan biridir. Barcha ezgu ishlarni ro‘yobga chiqishining asosi ham osoyishtalikdir. Qur’oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlikka chaqirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Alloh rizosini topishga intilganlarni Qur’on bilan tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (Moida, 16).

Har bir inson uchun tinchlik zarurligi borasida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

“Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan vazifalarni mukammal va xotirjam ado etish uchun tinchlik zarur. Yaratgan Parvardigor ana shu tinchlikni qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslikka amr etadi:

 “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”.

Tinchlik qaror topgan yurtdagina osudalik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, mo‘min-musulmonlarimiz ibodatlarini xotirjam ado etadilar.

Islom ta’limoti odamlar hayoti va hurfikrliligini himoya qiladi, musulmonlarga boshqa kishiga nisbatan yomon gap aytishni, g‘iybat va tuhmat qilishni, hatto noxolis fikrga borishni ta’qiqlaydi, odamlar o‘rtasida adovat va ixtiloflarni to‘xtatishga buyuradi. Islom jismoniy zo‘ravonlik va vahshiylikning barcha ko‘rinishlarini ham, odamlarga nisbatan zarracha bo‘lsada g‘oyaviy bosim o‘tkazishni ham birday ma’n etadi: «Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir. (Zero) haq yo‘l zalolatdan ajrab bo‘ldi» (Baqara, 256)

«Bas (ey Muhammad), siz pand-nasihat qiling! Zotan siz faqat pand-nasihat qilguvchidirsiz, xolos» (G‘oshiya, 21).

Hadisi sharifda marhamat qilinadi: Ibn Abbos r.a. Ka’baning devoriga suyanib turib shunday dedilar: “Ey, Ka’ba! Allohning nazdida hurmating naqadar ulug‘. Lekin, agar men seni yetti marotaba buzib vayron qilganimda ham bitta musulmonga bir marta ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”. 

Bu dunyoda har bir musulmon ularning qaysi dinga mansubligidan qat’iy nazar, barcha odamlarga hurmat, murosa, avf va adolat, muhabbat va rahm-shafqat ko‘rsatishga Alloh taolo huzurida mas’uldir. Muqaddas dinimizda bag‘rikenglikka dalolat qiluvchi hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) bunday deb marhamat qilganlar: “Barcha din ahliga xayru-ehson qilingizlar” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan).

Diyorimizdan yetishib chiqqan allomalar asarlarida diniy bag‘rikenglik bilan bog‘liq qadriyatlar targ‘ib qilingan g‘oyalar ko‘p uchraydi. Jumladan, moturidiya aqidaviy yo‘nalishi asoschisi Abu Mansur al Moturidiy (870-944)  Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan “Ta’vilot ahli sunna” asarida Haj surasining 40-oyatini tafsir qilar ekan, “Cherkov va sinagogalarni vayron etish man etiladi. Shuning uchun ham, musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ilm ahli orasida ixtilof yo‘qdir”, deb qat’iy ta’kidlaydi. Samarqandlik faqih, mufassir Abu Lays as-Samarqandiy (vaf. 1003 y.) esa o‘zining “Bahr al ulum” degan tafsir kitobida Qur’ondagi Mumtahana surasining 8, 9-oyatlari sharhida “Sizlar bilan dinda urush qilmagan o‘zga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”, deb yozadi. Movarounnahrlik yana bir mashhur faqih, mufassir Abul Barakot an- Nasafiy (vaf. 1310 y.) o‘zining islom olamida ma’lum va mashhur “Madorik at-tanzil” asarida mazkur oyatlarni “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating hamda ularga so‘zda va amalda yaxshilik qiling”,  deb sharhlaydi.

Shayx Ahmad Yassaviy (1105-1166) ham  o‘z hikmatlarida g‘ayridinlarga yaxshi   munosabatda bo‘lishni uqtirgan,

“Sunnat ermish, berma ozor kofir bo‘lsa,

Ko‘ngli qottig‘ dilozordan xudo bezor”.

Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, ahli kitoblarni musulmonlar diyorida turli vazifalarga qo‘yish taqiqlanmaydi. O‘tmishda Bag‘dod va Damashq madrasalarida ahli kitoblardan ko‘plab mudarrislar tahsil berishgan. Hatto ayrim islom hukmdorlarining xos tabiblari va kotiblari nasroniy yoki yahudiylardan bo‘lgan.

Jahondagi barcha dinlarning asl mohiyati tinchlik, jumladan islom dini insonlarni irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar ular bilan tinch-totuv yashashga buyuradi.

Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinkim, o‘tgan qisqa vaqt davomida Qoraqalpog‘istonda «Imom Eshon Muhammad» masjidi, Xorazmda «Oxun bobo» masjidi, Toshkentda «Suzuk ota», “Imom Termiziy ”masjidlarini katta majmua shaklida bunyod etilayotgani, Surxondaryoda Imom Termiziy, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy majmualarining qayta qurilishi, shuningdek, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi va Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish boshlagani katta tuhfa bo‘ldi.

Ayniqsa, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi nafaqat yurtimizda, butun islom olamida keng o‘rganilishiga imkoniyat beradi.

Hazrati Imom majmuasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil qilinayotgani yurtimiz dovrug‘ini, bu zaminda tug‘ilib-o‘sgan allomalarning nomlarini dunyoga taratishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, azim poytaxtimizda Islom akademiyasining ochilishi va mamlakatimiz hududlarida aqida, kalom, fiqh, tafsir va hadis maktablarining tashkil etilishi diyorimizdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘iloniy kabi allomalar yetishib chiqishiga juda katta xizmat qiladi.

Albatta, mana shunday ne’matlarning bardavom bo‘lishi Yaratgan Parvardigorning marhamati va xotirjamlikning mahsulidir. Buning uchun Yaratgan Parvardigorga doimo shukronalar aytamiz.

Navoiy hazratlari o‘zlarining “Arba’in” asarlarida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisga go‘zal sharh beradilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim odamlarga shukr qilmasa, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmabdi», dedilar». (Termiziy, Ahmad va Bayhaqiylar rivoyat qilgan.)

Ulki Xoliqg‘a shukr der, avval

Shokir o‘lmoq kerak xaloyiqdin.

Kimki, maxluq shukrini demagay,

Demagay dag‘i shukr Xoliqdin.

Xoliqqa shukr qilguvchi kishi avval xaloyiqqa – odamlarga shukr keltirishi kerak. Kim insonlarning shukrini aytmasa, Yaratganga ham shukr aytmaydi. Zero, shukr bilan ne’matlar ziyoda bo‘lib boraveradi.

Biz esa xalqimizni islom ma’rifatiga boshlab, ayniqsa yoshlarimizda ana shu shukronalik hissini qaror toptirishimiz, ularni dunyoga muallim bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimizning barhayot ilm chashmalaridan yanada ko‘proq bahramanda etishimiz lozim. Bugun yurtdoshlarimiz har bir yangi kunni tinchlik-omonlik deya atalmish baxtu saodat og‘ushida qarshi olmoqda. Ushbu sururli damlar bardavom bo‘lmog‘i uchun tinchlik ne’matining shukronasini qilib, uni ko‘z qorachig‘idek asramog‘imiz darkor. Zero, Qur’oni karimda ham shukr qilganlarga ne’matlarini ziyoda qilib berishi to‘g‘risida oyatlar mavjud. Aks holda noshukrlik notinchlikka olib keladi.

Anvar qori Tursunov

Toshkent shahar bosh imom-xatibi