2017 yil 15 noyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar hamda ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Majlisda ko‘plab masalalar qatori qo‘ni-qo‘shni, qaynona-kelin munosabatlari, o‘quvchi-yoshlar tomonidan sodir qilinayotgan jinoyatlar aniq fakt va misollar asosida tahlil etilib, ularni bartaraf qilishda har bir kishi, jumladan, diniy idora xodimlari, imom-xatiblar ham faol bo‘lishi aytilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ana shular xususida so‘z yuritildi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O. Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U. Alimov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh. Minovarov hamda boshqalar ishtirok etdi.

Bugun imom-xatiblar joylardagi chiqishlarida, keng aholi qatlami bilan uchrashuvlarida jinoyat sodir qilish og‘ir gunoh ekani, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bunday xatti-harakatlar qattiq qoralanganini jonli misollar orqali ta’sirchan asosda tushuntirib borishlari zarurligiga urg‘u berildi.

Jinoyatning sabablaridan biri — qilayotgan ishining gunoh ekanini bilmaslikdir. Avvalo, ana shu jaholatga qarshi kurashish kerak. Negaki, bir ishning gunoh ekanini bilgan odam, albatta, mulohazaga beriladi, undan qaytadi. Binobarin, jinoyatning katta-kichigi bo‘lmaganidek, odamiylikka, dinimizga ham xilofdir. Odam o‘ldirish, o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilik — bularning barchasi inson hayotiga zarar ekanini -tushuntirish diniy soha xodimlari hamda ziyolilar zimmasidagi muhim vazifa sanaladi.

Darhaqiqat, har bir kishi jamiyatda sodir etilayotgan yomon ishni ko‘rib-bilib turgan bo‘lsa, loqaydlik qilishi mumkin emas. Ulamolarimiz yomon ishni qo‘l bilan qaytarish deganda aynan jamiyatda tartib-intizom o‘rnatishga mas’ullarning jinoyatchilikka qarshi kurashi, deb izohlaganlar. Kichik bir yomon ishni har kim ham to‘xtatishi kerak, ammo jinoyatning ko‘lami keng bo‘lsa, unga qarshi butun jamoatchilik kurashishi zarur.

Yomonlikni til bilan qaytarish aynan ulamolarning, imom-xatiblarning, ziyolilarning, ommaviy axborot vositalarining vazifasidir, har bir imkoni bor shaxs uchun burchdir. Agar kishi yomon ishni qo‘li bilan qaytara olmasa, xatoga yo‘l qo‘yayotgan odamni yaxshilikka chaqirib, gunoh ishning oqibatini tushuntiradi.

Yig‘ilishda shu yil 30 oktyabr — 9 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi boshchiligidagi delegatsiyaning Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Astraxan va Novosibirsk shaharlaridagi mehnat migrantlari bilan uchrashuvlari to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berildi. Ushbu safar davomida mehnat migrantlarining yashash hamda ishlash sharoitlari bilan yaqindan tanishilgani, yotoqxonalarda yakka tartibdagi suhbatlar uyushtirilgani va mehnat migrantlarining ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqilgani to‘g‘risida so‘z bordi.

Yosh avlod tarbiyasi doimo eng dolzarb hamda juda mashaqqatli vazifa bo‘lib kelgan. Allomalarimiz jamiyatning rivoji va tinchligi ham yoshlar tarbiyasiga bog‘liq ekanini ko‘p aytishgan. Prezidentimiz bu borada shunday deganlar: “Ma’lumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda”.

Bugungi kunda yoshlarda imon-e’tiqodni, dinu diyonatni, halol-haromni, hushyorlikni, zararli ta’sirlarga qarshi kurashishni shakllantirish kechiktirib bo‘lmas masala hisoblanadi.

Yig‘ilishda chet ellarda yurgan o‘zbekistonlik yigit-qizlar ham o‘zimizning farzandlarimiz ekani, agar ularning tarbiyasi bilan vaqtida shug‘ullanilmasa, befarq bo‘linsa, boshqalar farzandlarimizni aldab, tuzog‘iga ilintirib, juvonmarg qilishi mumkinligidan ogoh etildi.

Tadbir yakunida yoshlar bilan ishlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q. Quronboyev so‘zga chiqdi.

Maqsud JONIXONOV,

«Xalq so‘zi» muxbiri.