Bir necha asrlar muqaddam bir o‘zbek o‘g‘loni ummon ortida ham qit’a borligini aytib, Amerikani kashf qilganidan faxrlanamiz va bunga haqlimiz.

Ikki oy muqaddam yana bir o‘zbek o‘g‘loni Nyu-Yorkda dunyoning eng nufuzli minbaridan turib, dinimizning asl mohiyatini, buyuk bobokalonimiz imom Buxoriyning Qur’oni karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan mo‘’tabar asarini jahonga tanitganda ko‘zlarimiz quvonch yoshlariga, qalblarimiz iftixor tuyg‘usiga to‘ldi.

Afsuski, oradan hech qancha o‘tmay, o‘zbek nomini ko‘tarib yurgan bir kimsa begunoh odamlarni o‘ldirib, bir nechtasini yarador qilgani haqida shumxabar tarqalgach, yuraklarimiz g‘azabga to‘ldi.

Insoniyatning muayyan qismi o‘zining asl fitratidan shu qadar uzoqlashdiki, o‘zining yaratilishidan ko‘zlangan asl maqsaddan, xilqatining javharidan toyilib, gunoh yo‘liga, jinoyat ko‘chasiga kirib ketdi. Bu jinoyatlarning eng dahshatlisi, gunohi eng og‘iri inson joniga tajovuz qilishdir. Bugun urchib borayotgan turli soxta firqalar, buzuq aqidaviy oqimlar Islom ummatining boshiga bitgan balo bo‘lib, dunyoda dinimiz sha’niga tosh otilishiga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, butun dunyo afkor ommasi «diniy terrorizm» yoki «diniy ekstremizm» degan yasama tushunchalarning noto‘g‘ri ekani haqida bong urmoqda. Haqiqatan, terrorizmning vatani bo‘lmaydi, uning dini bo‘lmaydi deb butun dunyo gapiradi, lekin bu jinoyatni qilgan johillar o‘zbek millatiga mansub bo‘lib chiqsa, bu shior yo‘qolyapti. Terrorning vatani yo‘q, millati yo‘q degan qoida O‘zbekistonga kelganda ishlamay qolyapti. Bir qattolning qilmishini butun boshli bir xalqqa, bir davlatga ayb sifatida taqalyapti. 

Shunday ekan, o‘zimizga yanada ehtiyot bo‘lmog‘imiz, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasida juda ham ziyrak bo‘lib, Islomning asl mohiyatini, ahli sunna val jamoa mazhabini to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak. Bularni bilmaslik bugungi kundagi eng katta musibatdir. Har bir musulmon dinni o‘rganaman deydi, ammo shu dinni o‘rganish yo‘li turlicha bo‘lib ketdi. Natijada dinni noto‘g‘ri yetkazib qo‘yish, dinni tanimaslik ko‘p uchrayapti. Dinni niqob qilib olgan turli oqimlarning johillikdan, bilmasdan yoki qabihlikdan, qasddan qilayotgan qilmishlari oqibatida dinimiz haqida, musulmon odam haqida salbiy tasavvur paydo bo‘lyapti, musulmon deganda terrorchi tushuniladigan qilinyapti, bir so‘z bilan aytganda, islomofobiya keng yoyilyapti. Bularning barchasi Islomni o‘rganishdagi xatolar yoki uni qasdan buzib ko‘rsatish, adashtirish kabi ishlarning oqibatidir.

Butun dunyo bilib qo‘ysinki, Islomda begunoh insonning joniga tajovuz qilish ulkan gunoh. Musulmon odam hech qachon begunoh odamning joniga qasd qilmaydi, hatto nafsoniyatiga, sha’niga ham tajovuz qilmaydi. Qayerda kim shunday qilayotgan bo‘lsa, bu ishning na Islomga, na musulmonlarga mutlaqo aloqasi yo‘q. Zero, Islom dinining maqsadi insonning dini, hayoti, mol-mulki, nasli va sha’nini muhofaza qilishdir. Bularning birortasiga tajovuz qilinsa, demak bu yerda Islom yo‘q, musulmonlar yo‘q. Bunday ishni Islomni tanimagan kimsalargina qilishi mumkin. Chunki Islomda birovning ham, o‘zining ham joniga qasd qilish haromdir. Nafaqat qasd qilish, hatto o‘lim tilash ham mumkin emas. Alloh taolo Qur’oni karimda bir kishini o‘ldirgan odamni butun insoniyatni o‘ldirgan odamga, bir kishining hayotini saqlab qolgan odamni butun insoniyatning hayotini saqlab qolgan odamga tenglashtiradi. Haqiqiy musulmon odam, dinini biladigan, uni jiddiy o‘rganib, bilganiga amal qilib yurgan odam nafaqat insonga, balki hayvonotga ham, nabototga ham zarracha zarar yetkazmaydi. Shunday ekan, bir begunoh odamning bir tomchi qoni to‘kilgan bo‘lsa, u avvalo Islomga, musulmonlarga qarshi ish qilgan bo‘ladi.

Islom dini tinchlik, bunyodkorlik, to‘g‘rilik, soflik dinidir. Chunki bu din butun olamlarni yaratgan Rohman va Rohim sifatli Alloh taoloning dinidir. Dinda haddan oshish ham yo‘q, nuqsonga yo‘l qo‘yish ham yo‘q. Haddan oshish, keskinlik qilish ekstremizm, radikalizm bo‘ladigan bo‘lsa, din ana shu illatlarni bartaraf qilish uchun joriy qilingan. Demak, din bor joyda radikalizm, ekstremizm bo‘lmaydi. Ekstremizm, radikalizm, terror bor joyda esa din bo‘lmaydi. Shuning uchun biz bunday holatlarni nomlash uchun «din niqobi ostidagi ekstremizm», «din niqobi ostidagi terrorizm» deyishimiz to‘g‘ri bo‘ladi.

Islomda eng aziz sanalgan, eng yuksak qadrlangan narsa insonning hayoti, uning joni, ruhidir. Alloh subhanahu va taolo ruhni insonning jismiga O‘zi joylashtirdi. Shunday ekan, endi bu ruh, bu jon boshqa bir kimsa tomonidan, ojizu notavon banda tomonidan olinishi mumkin emas.

Shuning uchun aytilyaptiki, hatto birovga yoki o‘ziga o‘lim tilash ham mumkin emas. Aksincha, biz Alloh taolodan uzoq umr tilashga haqqimiz bor, xolos. Birovning hayotiga, joniga tajovuz qilish esa mutlaqo haromdir. Chunki odamlar ko‘p bo‘lgani bilan har bir odamning yashash haqqi bittadir. Bu haqni esa unga Alloh taolo bergan. Shuning uchun birovni o‘ldirgan odam Alloh taolo bergan haqqa tajovuz qilgan bo‘ladi. Alloh asrasin!

Endi o‘sha shaxs qilgan qotillikni Islomning, Qur’onning mezoniga solib ko‘raylik. Shu ishni musulmon odam qilishi mumkinmi? Mashina bilan odamlarni, ko‘chada yurgan sayyohlarni bosib ketyapti. Bu ish bizning hatto tasavvurimizga ham sig‘maydi. Mashinada ketayotib, yo‘ldan o‘tmoqchi bo‘lgan bir parrandani, bir qushni ham bosa olmaysiz, o‘zingizni, ulovingizni xatarga qo‘yib bo‘lsa ham, beixtiyor tezlikni pasaytirasiz. Endi bu odamning holati qanday bo‘lishi kerakki, bus-butun, sog‘lom odamlarni mashinada bosib ketishga jur’ati yetsa. Shu ishni dindan deb bilish, buning uchun savob umid qilish mumkinmi? Shu ishni qilib, «Allohu akbar» deb baqirsa, buni qanday tushunamiz?

Bir narsani o‘ylab ko‘rishimiz kerakki, bu ishni qilgan odam 7 yildan beri o‘sha yerda istiqomat qilgan, o‘sha muhitda yashagan, o‘sha muhitda tarbiya ko‘rgan, o‘sha muhitda soxta salafiylarning tuzog‘iga ilingan. Demak, soxta salafiylik uni shu ahvolga olib kelgan. Agar u O‘zbekistonda bo‘lganida bu ishni aslo qila olmas edi, bunga yo‘l ham qo‘yib berilmas edi. Umuman, ish shungacha yetib ham bormas edi. Ammo o‘sha muhit bu bolani shu ishni qilishga olib keldi. Shuning uchun bugun ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning nomi takror-takror zikr qilinayotgani ba’zan O‘zbekistondan borib, xorijda ishlab yurgan vatandoshlarimizga ko‘p muammolar, noqulayliklar tug‘diryapti. Shuning uchun biz bu masalada soflikni, xolislikni, samimiylikni talab qilamiz. Chunki boshqa millat vakili yoki o‘zlarining bir vakili bundan battar jinoyatlarni qilsa ham terror deb atashmayapti, aksincha, uni ruhiy kasal deyishyapti yoki boshqa bir vajlarni ko‘rsatishyapti. Ammo kim bo‘lishidan, qaysi millat bo‘lishidan qat’i nazar musulmon tomonidan bir ish qilinsa, hali hech narsa aniqlanmay turib terror deb baholanyapti. Bu nosamimiylik, noxolislikning uchi borib-borib dinimizga dushmanlikka taqaladi.

Ha, Nyu-Yorkdagi bu mudhish jinoyat O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining yuziga oyoq qo‘yish, sha’niga qora dog‘ tushirishdir. Bunday razil ishni qilgan odam o‘zbek bo‘lsa, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, bu bizning musibatimiz. Agar u shu ishni qasddan qilgan bo‘lsa, o‘zicha qandaydir maqsad yo‘lida qilgan bo‘lsa, u o‘zbek emas, u bizdan emas! Zero, o‘zbekning kimligini butun dunyo juda yaxshi biladi. 

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,

Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi