MUQADDAS DINIMIZGA YUKSAK E'TIBOR

Bugun Namangan shahrida joylashgan “Hidoya” o'rta maxsus islom bilim yurti (sobiq “Mulla Qirg'iz” madrasasi)ning yangi binoga ko'chirish marosimi bo'lib o'tdi. 
Mazkur marosimda Namangan shahri faxriylari, mahalla oqsoqollari, masjid imom-xatiblari ishtirok etdilar.

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov  hazratlari so'zga chiqib yig'ilganlarga ushbu islom bilim yurtining tarixi  hamda faoliyati haqida ma'lumot berib o'tdi. 
Namangan viloyat vakilligi tomonidan O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga madrasa binosini yangi, zamonaviy va barcha talablarga javob beradigan binoga ko'chirish masalasi bugun Hukumatimiz tomonidan ijobiy hal etilganligini ma'lum qildi. 
Madrasa yangi binosi uchun Namangan shahrining balandlik hududida joylashgan, bahavo iqlimga ega bo'lgan hamda barcha qulayliklari mavjud “Oromgoh” dahasidan yangi inshoot ajratilganligini mamnuniyat bilan e'lon qildi. 
Mazkur inshoot bir necha binolardan iborat bo'lib, unda zamonaviy o'quv binosi, hamda barcha qulayliklarga ega bo'lgan talabalar turar joyi mavjud. Shuningdek, ushbu binoda oshxona, namozxona, majlislar zali hamda viloyat vakilligi uchun ham maxsus joylar mavjud. 
Yangi madrasaning hududi 10 gektarga yaqin bo'lib, 10 mingdan ziyod mevali daraxtlar hamda 3 mingdan ziyod manzarali daraxtlarga ega. 
Viloyatda faoliyat ko'rsatayotgan masjidlar imom-xatiblarning yig'ilishlari uchun maxsus majlislar zali, ma'naviyat va ma'rifat xonalari, zamonaviy texnik jihozlar bilan ta'minlangan axborot resurs markazlari tashkil etilgan. Inshoot zamonaviy isitish va sovutish tizimiga ega. 
Bunday ulkan inshootni tashkil etishdan maqsad bu maskanni kelajakda respublikamizning diniy-ma'rifiy bilim markaziga aylantirishdir. 
Muftiy hazratlari so'zining so'ngida Namangan ahlini ushbu xayrli ish bilan muborakbod etib, bu o'quv yurtidan kelajakda nafaqat yurtimizda, balki dunyoga mashhur olim va ulamolar chiqishiga ishonch bildirdi. 
Yig'ilishda Namangan shahridagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Mamatvali Turg'unov so'z olib, ushbu yangilik Namangan ahlini juda quvontirganligini ta'kidladi. Shuningdek, buning natijasida talabalarimiz ko'rkam, zamonaviy binolarda tahsil olishlari, bohavo joyning toza havolaridan bahramand bo'lishlarini bildirib, bu ham bo'lsa mustaqilligimiz sharofati hamda mamlkatimizda vijdon erkinliginiing amaldagi tasdig'i ekanligini bildirdi. 
Yig'ilishda so'zga chiqqan mehnat faxriysi Bositxon Abdurahimov o'z xissiyotlarini quyidagicha ifodaladi. Biz keksalar bugungir yig'ilishda yangi xabarni eshitib, bag'oyat xursand bo'ldik. Chunki, bizning yoshlarimiz shahrimizning eng bohavo joyia joylashgan zamonaviy binoga ko'chib o'tmoqda. Avval bizni farzandlarimiz, nabiralarimizning havosi buzuq, diqqinafas joyda tahsil olayotganligi bizni tashvishga solar edi. Bu Prezidentimiz tomonidan bizni yoshlarga taqdim etilgan hadya Namangan tarixida ulkan ijobiy voqeaga aylandi. Hukumatimiz tomonidan muqaddas dinimizga ko'rsatilgan bu e'tibor, ayniqsa yoshlarimizning bilim olishlari uchun yaratib berilayotgan sharoit uchun biz cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. 
Yig'ilishning barcha ishtirokchilari, jumladan madrasa rahbariyati, o'qituvchilari va talabalari tomonidan bilim yurtiga ko'rsatilgan ushbu e'tibor uchun cheksiz minnatdorliklar bildirildi.

Din ishlari bo`yicha qo`mita Axborot xizmati