Yurtimiz hududida qadim davrlardan etnik va diniy xilma-xillikka  hurmat bilan qarab kelingan.

Haqiqatan  asrlar davomida yirik shaharlarimizda masjid, cherkov va sinagogalar faoliyat ko‘rsatib, turli millat va dinga mansub qavmlar o‘z diniy amallarini erkin ado etib kelganlar. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagani, xalqimizning diniy bag‘rikenglik borasida katta tajriba to‘plaganidan dalolat beradi.

O‘zga xalqlar tili, urf-odatlari va an’analariga chuqur hurmat, ularning o‘zligini saqlab qolish, madaniy-ma’rifiy ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratish va har tomonlama yordam ko‘rsatish  bag‘rikenglikning yorqin xususiyatlaridandir. Aynan mana shunday bag‘rikenglik, sabr-bardoshlilik madaniyatimizning benazir namunalarini saqlab qolish, asrlar sinovidan olib o‘tish, kamol toptirish hamda o‘zga madaniyatlarning ahamiyatli natijalari bilan boyitishga sharoit yaratdi.

IX asrdan boshlab hozirgi O‘zbekiston hududida islom dini sunniy yo‘nalishining hanafiy  mazhabi qaror topdi. Albatta, bu bejiz emasdi. Zero, Imom A’zam mazhabi o‘zga dinlar va mahalliy urf-odatlarga nisbatan erkinlik berishi bilan ajralib turadi. Hanafiylik ta’limotini takomilga yetkazgan vatandoshlarimiz – Imom Moturidiy, Abul-Mu’in an‑Nasafiy va al-Marg‘inoniy kabi allomalar musulmonlar orasidagi g‘oyaviy tarafkashliklikka barham berish, islom dinining “ahli sunna val-jamoa” yo‘li barqaror bo‘lib qolishiga katta hissa qo‘shdilar.

Diyorimizdan yetishib chiqqan allomalarning asarlarida diniy bag‘rikenglik bilan bog‘liq qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi g‘oyalar keng yoritib berilgan. Buyuk alloma, moturidiya aqidaviy yo‘nalishi asoschisi Abu Mansur al‑Moturidiyning asarlarida bayon etilgan bag‘rikenglik g‘oyalari bunga misol bo‘la oladi. Jumladan, Moturidiy  Qur’oni Karim oyatlarining tafsiriga bag‘ishlangan, islom olamida juda keng tanilgan “Ta’vilot ahli sunna” asarida “Haj” surasi 40‑oyat tafsirida: “Cherkov va sinagogalarni vayron etish man etiladi. Shuning uchun ham, musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ahli ilm orasida ixtilof yo‘qdir”,– deb qat’iy ta’kidlaydi.

Samarqandlik faqih, mufassir Abu Lays Samarqandiy  esa o‘zining “Bahr al‑ulum” nomli tafsir kitobida Qur’oni Karimdagi  “Mumtahana” surasining 8, 9‑oyatlari sharhida “Sizlar bilan dinda urush qilmagan o‘zga din vakillari bilan bordi‑keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”,- deb yozadi.

Movarounnahrlik yana bir mashhur faqih, mufassir Abul Barakot an‑Nasafiy  o‘zining  “Madorik at‑tanzil” asarida mazkur oyatlarni “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating hamda ularga so‘zda va amalda yaxshilik qiling”, ‑ deb sharhlaydi.

Ma’lumki, musulmon mamlakatlarida yashovchi boshqa dinga e’tiqod qiluvchilarni  shariat hukmi bo‘yicha ularning barcha moddiy va ma’naviy huquqlari, ya’ni mol-mulki, hayoti, diniy e’tiqodi, urf-odatlari, tili, madaniy merosi dahlsizligi  musulmonlar zimmasida bo‘lgan. Shu tufayli o‘rta asrlardayoq musulmon xalqlari, jumladan, diyorimizda yashovchi xalqlar ham diniy murasasozlik va bag‘rikenglikning huquqiy asoslarini ishlab chiqib, hayotga tatbiq etganlar.

Buning isboti sifatida islom qonunchiligining eng nufuzli asoschisi, vatandoshimiz Burhoniddin Marg‘inoniyning butun musulmon dunyosida o‘rta asrlardan boshlab shu davrgacha islom qonunchiligi bo‘yicha eng mo‘’tabar manba hisoblanuvchi “Hidoya” asaridan ayrim fikrlarni keltiramiz: “Chunonchi islomning beshta farzidan biri bo‘lgan “Zakot” ni olishga islom diniga e’tiqod qiluvchilar haqli deb hukm chiqarilgan bo‘lsa, boshqa dinga e’tiqod qiluvchilar ichida  ham moddiy yordamga muhtoj kishilarga xayr-ehson, sadaqaning boshqa hamma turlari berilishi mumkin, deb hukm chiqariladi. Buning dalili Rasululloh (s.a.v)ning: “Barcha dinlarning ahllariga sadaqa beraveringlar”, -degan hadislaridir ”.

Yuqorida bayon qilingan  fikr-mulohazalarni hamda yurtimizdan yetishib chiqqan mutaffakkirlarning asarlaridan keltirilgan ma’lumotlarni umumlashtirgan holda quyidagi xulosaga kelish mumkin:

Mamlakatimiz tom ma’noda diniy bag‘rikenglikning tarixiy merosxo‘ri sifatida jahon hamjamiyatida e’tirof etilmoqda. Zero,  yurtimizda doimo “diniy bag‘rikenglik” g‘oyasi ilgari surilgan. Xususan, diyorimizdan yetishib chiqqan  Zamaxshariy, Marg‘inoniy, Moturidiydek buyuk allomalarimizning asarlarida “diniy bag‘rikenglik” g‘oyasi, shu zaminda yashovchi turli e’tiqodga mansub xalqlarni  yurt farovonligi yo‘lidagi intilishlarini ta’minlovchi muhim omil bo‘lib kelganligi ta’kidlanadi.

 Shu sababdan ham, biz har bir inson bashariyatning turli-tuman madaniyatlardan iborat ekanini anglashimiz va hurmat qilishimiz juda zarurdir. Zero, bag‘rikengliksiz tinchlik, tinchliksiz taraqqiyot bo‘lmaydi.

 

Muhammadi QORAYeV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Qashqadaryo viloyatidagi vakilligi

 yetakchi mutaxassisi.