Unda yuqorida nomi tilga olingan tashkilotlar, “Movarounnahr” nashriyoti xodimlari, Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari yuzasidan fikr almashildi.

Dastlab Islom sivilizatsiyasi rahbari Shoazim Munavvarov markaz qurilishiga doir axborot berdi va shu asnoda markaz qoshida ochiladigan muzeyga har bir yurtdoshimiz o‘z fikri bilan qatnashishi, topa olsa, eksponatlar sirasiga kiradigan ashyolar bilan yordam etishi darkorligini aytdi. Shuningdek, masjidlarning imom-xatiblari bir donadan bo‘lsa ham qo‘lyozma yoki shunga o‘xshash bir ashyo topib kelishidan umidvor ekanini ma’lum qildi.

Markaz rahbarining ta’kidlashicha, bu muzey uchragan eksponat duch kelgan joyga o‘rnatib qo‘yiladigan muzey bo‘lmaydi. Uning har bir qarich yeriga nimalar o‘rnatish kerakligini mutaxassis olimlar puxta o‘rganmoqda. Bundan tashqari, muzeyga ashyo topshirgan kishining nomi o‘zi topshirgan eksponat yoniga yozib qo‘yiladi.

Shundan so‘ng so‘z navbati berilgan O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi direktori Jannat Ismoilova muzeyshunoslik borasidagi tajribalarini so‘zlab berarkan, jumladan, bunday dedi: “Bizning yurt muhtasham binolari, o‘ziga xos me’moriy yechimga ega obidalari, zukko insonlari va boshqa fazilatlari bilan islom dini taraqqiy etishi uchun g‘oyat o‘ng‘ay joy bo‘lgan”.

Markazning faoliyati, muzey va kutubxona yuzasidan taniqli olimlar va ijodkorlar ko‘plab ajoyib fikrlar aytishganidan keyin O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari

– Biz Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barpo bo‘layotgan, butun olam ahli ko‘z tikib turgan nihoyatda jiddiy masala xususida suhbatlashyapmiz. Shuning uchun shoshilmasdan auditoriyaga bir oz vaqt beraylik – hafta, o‘n kun ichida kishilar o‘zlari o‘ylagan fikrlarni miyasida pishitib oladi. Undan keyin esa idoramizning Axborot xizmatiga yetkazsa, yaxshi bo‘ladi, – dedilar.

Bu taklif barchaga ma’qul bo‘ldi va shunday qarorga kelindi.

Muhtaram o‘quvchi, agar muzeybop ashyolar yoki kutubxonani boyitadigan qadimiy kitoblar yoxud ushbu mavzuga oid fikrlar sizda ham bo‘lsa, marhamat, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Axborot xizmatiga yoki “muslim.uz” portaliga yozib yuborsangiz mamnun bo‘lamiz.

Damin JUMAQUL