Yurtimiz istiqlol sharofatiga muyassar bo‘lganidan so‘ng tarixda yashab o‘tgan ko‘plab ulug‘ ajdodlarimiz hayot yo‘llari hamda ularning bebaho ilmiy merosini har tomonlama chuqur tadqiq etishga davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Azim diyorimizning har bir hududidan, jumladan, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xorazm, Qashqadaryo, Jizzax, Farg‘ona kabi manzillaridan yuzlab allomalar yetishib chiqqan. Ayniqsa, “Nasafiy” nisbasi bilan qalam tebratgan ajdodlarimizning ilmiy meroslari diqqatga sazovordir. Ular orasida, shubhasiz, Abu Muin Nasafiyning o‘rni beqiyos. Sababi, bu ulug‘ zotning O‘rta asrlarda olib borgan faoliyati nafaqat o‘sha davr, balki kelajak avlod kamoloti uchun ham juda katta ahamiyat kasb etgan.

Shuni alohida iftixor bilan ta’kidlash kerakki, Abu Muin Nasafiy ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha joriy yilda samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan allomaning maqbarasi ta’mirdan chiqarilib, katta ziyoratgohga aylantirish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 apreldagi tegishli qaroriga muvofiq, Abu Muin Nasafiyning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar olib borilayapti.

Nasafiy bobomiz o‘z asarlarida turli buzg‘unchi, adashgan oqimlarga keskin raddiyalar berib, ularning diyorimizda rivojlanishiga qarshilik qilgan. O‘sha davr ulamolari Abu Muin Nasafiyning o‘z asarlarida illatlarni fosh etib, haqiqatni bayon qilgani uchun unga arab tilida “Sayf ul-haq”, ya’ni “Haqiqat qilichi” degan sharafli nom berganlar.

Tarixiy manbalarda ko‘rsatilishicha, Abu Muin Nasafiy 1027 yili tavallud topgan hamda 1114 yili zulhijja oyining yigirma beshinchi kuni (21 may) vafot etgan. Ulug‘ ajdodimiz Qarshi tumanining Qovchin qishlog‘ida mangu qo‘nim topgan.

Abu Muin Nasafiy dastlabki ta’limni tug‘ilib o‘sgan shahri Nasafda egallab, so‘ngra ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Samarqandga ko‘chib o‘tgan, keyinchalik faoliyatini Buxoroda davom ettirgan. Nasafiy “Tabsirat al-adilla” nomli shohasarini 1106 yili Buxoroda yozib tugatganidan, u Buxoroda ancha vaqt muqim qolgan, degan xulosaga kelish mumkin. Ammo olim hayotining so‘nggi yillarini Nasaf shahrida o‘tkazgan.

Abu Muin Nasafiy o‘z davrining mashhur mutakallim olimi bo‘lgan va Samarqanddagi hanafiy kalom maktabining yirik vakili Abu Mansur Moturidiydan so‘ng shu maktabning peshqadam vakili sanalgan. Nasafiylar sulolasidan uch avlod keyin yetishib chiqqan ushbu alloma moturidiya ta’limotining eng mashhur hamda yetuk davomchisi sifatida tilga olinadi. Abu Muin Nasafiy ilmiy-ma’naviy merosini yaqindan o‘rgangan tadqiqotchilar uning ijodiga yuksak baho berganlar. Jumladan, turkiyalik kalomshunos olim, professor Husayn Otay: “Moturidiya ta’limotining eng mashhur mutakallim olimi Abu Muin Nasafiydan keyin uning yo‘lida va tizimida u kabi shaxs hali yetishib chiqmagan”, deb allomaning ilmiy merosiga yuksak baho beradi. Moturidiyning “Tavhid” asarini nashrga tayyorlagan tadqiqotchi Fathulloh Xulayf esa “Moturidiya kalom maktabining rivojida hech kim Abu Muin Nasafiydek katta xizmat ko‘rsatmagan”, deya uning ilmiy merosini alohida qadrlagan.

Nasafiy o‘zining samarali ijodi davomida kalom ilmiga oid o‘ndan ortiq asarlar yozib qoldirgan. “Tabsirat al-adilla”, “Kitob at-tamhid li qavoid at-tavhid”, “Bahr al-kalom”, “Manohij al-aimma fil-furu’”, “Izoh al-Manhaj li kavn al-aql hujjatan”, “Qasid al-qavoid fi ilm al-aqoid”, “al-Ifsod li xad’ al-ilhod” hamda “al-Umda fi usul al-fiqh” asarlari ana shular jumlasidandir. Bizning davrimizgacha ulardan faqat uchtasi, ya’ni “Tabsirat al-adilla”, “Kitob at-tamhid li qavoid at-tavhid” va “Bahr al-kalom” nomli asarlari yetib kelgan hamda nashr etilgan. Mazkur asarlar orasida “Tabsirat al-adilla” allomaning eng katta ijod mahsulidir.

Endi Abu Muin Nasafiyning moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi xususida dalillarga tayangan holda so‘z yuritsak. Chunki ulug‘ ajdodimizning aynan shu xizmati uning ulug‘vor mavqeini belgilab bergan. Hammasi Abu Muin umrining so‘nggi yillarida yozib tugatgan “Tabsirat al-adilla” asari bilan bog‘liqdir. Chunki Nasafiy o‘zining ustozi Abu Mansur Moturidiyning ta’limotiga bo‘lgan munosabatning ijtimoiy-siyosiy va mafkuraviy omillar ta’sirida susayib borayotgani sababli uning “Kitob at-tavhid” asariga sharh sifatida “Tabsirat al-adilla fi usul ad-din ala tariqati Abu Mansur al-Moturidiy” (“Moturidiya ta’limotining din asoslarida haqligiga aniq dalillar”) nomli asarini yozgan.

Olimning “Tabsirat al-adilla” asarini ko‘zdan kechirsak, dastlabki sahifalardagi mavzularda Nasafiy, asosan, mu’taziliy va boshqa adashgan firqalarga qarshi raddiyalar bildiradi.

Abu Muin Nasafiy shonli tariximizda ikkita ulkan xizmati bilan doim bizning qalbimizda yashaydi. Birinchidan, uning moturidiya ta’limotining diyorimizda saqlanib qolishidagi eng katta xizmati bo‘lsa, ikkinchi jihatdan, o‘sha davrda diyorimizda turli buzg‘unchi oqimlarning rivojiga katta qarshilik ko‘rsatganligi tufaylidir.

Yuqoridagi misollardan xulosa qilib aytish mumkinki, Abu Muin Nasafiy moturidiya ta’limoti vakillarining eng yorqin vakili bo‘lgan. Shuning uchun ham ulug‘ ajdodimizning “Tabsirat al-adilla” asari bilan tanishib chiqqan arab sharqshunoslari uni “Moturidiya ta’limotining interpritatori (yoritib, asoslab beruvchi)” deb o‘zlarining iliq fikrlarini bildirganlar.

Abu Muin Nasafiyning ilmiy merosi bugungi kunda ham beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni chin insoniy fazilatlar sohibi etib tarbiyalash, ular qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.

Saidmuxtor OQILOV,

Toshkent islom universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi.