O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon hamjamiyatini mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishi bilan tanishtirgani barobarida, ko‘plab muhim tashabbuslarni ham ilgari surdi. Davlatimiz rahbarining ushbu nufuzli -minbardagi chiqishi nafaqat katta aks sado berdi, balki ayni paytda jahon ekspert-tahlil doiralari o‘rtasida faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ayniqsa, Bosh Assambleyaning 72-sessiyasi bo‘lib o‘tgan Amerikadagi mutaxassislar bunga katta qiziqish bildirishdi. Masalan, “StrateVarious Inc” konsalting kompaniyasi boshqaruvchi hamkori hamda “Jamestown Foundation” jamg‘armasi katta ilmiy xodimi S. Enders Uimbush Shavkat Mirziyoyevning mazkur nutqini “So‘nggi bir yil davomida olib borilayotgan islohotlar va ochiqlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan”, deya ta’rifladi.

— O‘zbekiston yetakchisi mamlakatdan chiqish vizalarini olish tajribasini “umrini mutlaqo o‘tab bo‘lgan o‘tmish qoldig‘i”, deb atagani holda, ko‘pgina xorijlik sharhlovchi hamda jurnalistlardan ko‘ra ochiqroq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z fikrini bayon etdi, — dedi tahlilchi. — Mamlakatning, shubhasiz, dunyoga aytadigan gapi bor: O‘zbekiston ichidagi hamda uning tashqarisidagi jamoatchilik vizani bekor qilish, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiyalash jarayoni va boshqa masalalarga juda katta e’tibor qaratmoqda. Shu bois davlat rahbari ularni BMTning yuksak minbarida turib bayon etdi.      

Shu bilan birga, S. E. Uimbush respublikamizda ro‘y berayotgan, “chetda turgan kuzatuvchiga bilinmaydigan, biroq mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti nuqtai nazaridan hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan qator jiddiy o‘zgarishlarga” ham e’tibor qaratdi. U iqtisodiyotni jadal liberallashtirish hamda diversifikatsiyalash, davlat boshqaruvi apparati shaffofligi darajasi oshgani, so‘zda emas, amalda qonun ustuvorligi belgilab qo‘yilgani ijobiy o‘zgarishlar sirasiga kirishini aytdi.

Gudzon institutining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi direktori o‘rinbosari Aparna Pandening fikricha, “Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik hamda barqarorlik o‘rnatilishiga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlangan bayonoti olqishlanmog‘i lozim. Chunki O‘zbekiston bu mamlakatning yaqin qo‘shnisi hisoblanadi”.

— O‘zbekiston hukumatining to‘g‘ri yo‘ldan adashib, ekstremizm mafkurasi ta’siriga tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorini alohida qayd etishni istar edim, — dedi u. — Bunday qaror mintaqada va global miqyosda mazkur salbiy voqelikka qarshi kurash olib borishda o‘ta muhim ahamiyatga egadir. Toshkentning jozibali sarmoyaviy muhitni hamda liberal iqtisodiy tizimni shakllantirishga bo‘lgan intilishlari ham e’tiborga sazovor. Bularning barchasi mamlakatning yanada ochiqroq jamiyatni barpo qilish sari harakatlanayotganidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari bayon etgan g‘oya hamda takliflar Yevropada ham o‘z aks sadosini bermoqda. Jumladan, “Eurocontinent” tahlil guruhi (Belgiya) direktori, doktor Per-Emmanuel Tomann “O‘zbekiston yetakchisi yuksak minbardan turib islohotlar yo‘li o‘zgarmasligini aniq va lo‘nda bayon etdi”, degan fikrni bildirdi.

— Jahon hamjamiyati mamlakatda barcha yo‘nalishni modernizatsiyalash, ayniqsa, xalq farovonligini oshirish yo‘lida qabul qilinayotgan chora-tadbirlardan voqif bo‘ldi, — dedi belgiyalik ekspert. — Eng muhimi, Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida xalqaro jamoatchilikni O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosatining yangi tamoyillari bilan tanishtirdi. Ular nafaqat mintaqada, balki butun Yevroosiyoda o‘zining ijobiy natijalarini beradi. Jahonda geosiyosiy bo‘linish davom etayotgan bir sharoitda Toshkentning puxta ishlab chiqilgan tashqi siyosiy yo‘li alohida ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoning iqtisodiy farovonligi ko‘p jihatdan O‘zbekiston rahbariyati qabul qilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga bog‘liqdir.

Shuningdek, Per-Emmanuel Tomann Afg‘onistonda xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlash va Markaziy Osiyoning transchegaraviy daryolari suv resurslaridan foydalanishda yangicha yondashuvlar bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslarga ham ijobiy baho berdi. Xususan, u mamlakatimiz rahbarining afg‘on muammosi faqat afg‘onistonliklarning o‘zlari tomonidan va Afg‘oniston hududida hal etilishi mumkinligi haqidagi fikrlari muhimligini ta’kidladi. Belgiyalik ekspertning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston rahbarining BMT yuksak minbaridan Orol dengizining 1960 yildagi hamda hozirgi paytdagi holati aks etgan xaritani namoyish qilganining sababi ushbu ekologik inqiroz davom etayotganiga yana bir bor jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratish bilan izohlanadi.

O‘z navbatida, Ispaniyadagi San-Pablo (Madrid) universiteti professori, islom bo‘yicha ekspert Rikardo De La Serna Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkdagi nutqini “Davrning eng muhim voqeasi”, deya ta’rifladi.

— O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida boshqa masalalar bilan bir qatorda ikkita juda muhim masalani ko‘tardi, — dedi ispaniyalik mutaxassis. — Ular Markaziy Osiyoning kelajagida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Eng avvalo, “suv muammosi” deb ataladigan masala haqida to‘xtalsak. Orol dengizining qurishi eng katta ekologik fojia bo‘lib, u muammoni birgalikda hal etish yo‘llarini izlab topishni talab qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bayon etgan konstruktiv nuqtai nazar bu jiddiy muammo yechimiga asos -bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Rikardo De La Serna O‘zbekistonning dinlararo muloqotni mustahkamlash borasida jiddiy taraqqiyotga erishganini ham alohida ta’kidladi.

— Yaqinda Samarqandda “Jahon tamadduni tarixida Markaziy Osiyo Renessansi” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazilgani, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilayotgani O‘zbekistonning ma’rifiy islom g‘oyalariga rioya qilishga bo‘lgan intilishini hamda ularni targ‘ib etishga, aql-idrokka va boshqa dinlar bilan muloqotga ochiq ekanligini namoyon qiladi, — dedi u. — O‘zbekiston zamini tarixan musulmon sivilizatsiyasining yorqin hamda gullab-yashnagan davriga guvoh bo‘lgan, shu bois u ana shunday ajoyib va ezgu g‘oyalar hamda muloqotlarning tashabbuskori bo‘lishga to‘la haqlidir.

«Jahon» AA.