Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi Rus pravoslav cherkovining Moskva Patriarxati delegatsiyasi 30 sentyabr kuni Samarqandda bo‘lib, muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bilan tanishdi. 

Mehmonlar dastlab Xo‘ja Doniyor maqbarasini ziyorat qildi. 

Ushbu tabarruk majmuani bir necha din vakillari ziyorat qiladi. Samarqandga tashrif buyuradigan xorijlik mehmonlar, nufuzli delegatsiyalar bu yerda bo‘lishni o‘zlari uchun sharaf, deb biladi. 

Afrosiyob tepaligining shimoli-sharqiy qismida joylashgan Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi mustaqillik yillarida har tomonlama obod etilib, uni asrab-avaylash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Majmua atrofidagi turli bino va inshootlar boshqa joyga ko‘chirilib, ziyoratgoh maydoni kengaytirildi. Hududdan oqib o‘tadigan Siyob arig‘i tartibga keltirildi, atrofi ko‘kalamzorlashtirilib, manzarali daraxtlar ekildi, gulzorlar tashkil etildi. Ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratildi. 

Moskva Patriarxati delegatsiyasi qadamjoning yaratilish tarixi va keyingi yillarda bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, ibodat amallarini ado etdi. Mamlakatimizda vijdon erkinligi ta’minlangani, barcha din vakillarining o‘z diniy qadriyatlarini davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi. 

Shundan so‘ng mehmonlar Hazrati Xizr majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Buyuk Yurtboshimiz qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. 

Majmuada amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari, mahobatli maqbara, milliy uslubdagi ayvon va boshqa inshootlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu ko‘rkam obida xalqimizning buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov xotirasiga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromining ifodasi ekani ta’kidlandi. 

Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, shuningdek, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Registon majmuasi va boshqa tarixiy obidalarni ham tomosha qildi. Buyuk ajdodlarimizdan meros qadimiy inshootlarni asrab-avaylash va ularni kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi ishlarga yuksak baho berdi. 

Samarqand shahridagi Aleksey soborida Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill ishtirokida tantanali marosim o‘tkazildi. Unda rossiyalik mehmonlar hamda xristian diniga e’tiqod qiluvchi yurtdoshlarimiz ishtirok etdi. 

Viloyat musiqali drama teatrida Rus pravoslav cherkovi xor jamoasining konsert dasturi namoyish etildi. 

 

G‘olib Hasanov, O‘zA