BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning oliy minbardan turib butun dunyoga qilgan murojaatini o‘zgacha hayajon bilan tingladik.

Prezidentimizning kursida o‘tirgan holda taklifni kutib turishi, sessiya raisi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni taklif qilamiz”, deyilgach, salobat bilan chiqib, yozuvlarni ochishi, mikrafonni to‘g‘rilab dona-dona qilib co‘z boshlashi har bir o‘zbekistonlik qalbida iftixor, yurtboshiga nisbatan ishonch va hurmat hislarini jo‘sh urdirdi.

Buyuk yo‘lboshchining qisqa fursatda katta ishlarni amalga oshirgani, ichki va tashqi siyosatda salmoqli ishlarni yo‘lga qo‘ygani, buning samarasini nafaqat har bir O‘zbekiston fuqarosi, balki qo‘shni davlatlar ham ko‘rayotgani barcha e’tirof etgan haqiqat. Shu qisqa davr ichida qilingan ishlar, to‘plangan tajriba asosida oliy minbardan turib ma’ruza qilish, ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolayotgan muammolarga to‘xtalishi, dunyo hamjamiyatini birlashishga, tinchlikni saqlashga chorlashi barchamizni to‘lqinlantirdi, boshimizda mustahkam irodali, mard va jasur yurtboshi turganiga yana bir bor amin bo‘ldik.  

O‘zbekistonning maqsad vazifalari, kelajakda amalga oshiriladigan ishlar, mintaqaviy va jahon miqyosidagi muammolar va ularning hal etilishi bo‘yicha aniq fikr va takliflar keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olindi.  

Prezidentimiz dunyo bo‘ylab jamiyat manfaatlari ortga surilib, ko‘proq shaxsiy maqsadlar sari harakat qilish avjiga chiqqan pallada «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» deya, bugungi kunning ko‘plab muammolari yechimi qaysi tarafda ekaniga ishora qilib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari ertangi kunning asoschilari bo‘lmish yoshlarga alohida e’tibor qaratishga chaqirar ekan: “Bizning asosiy vazifamiz - yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi «virusi» tarqalishining oldini olishdir”, deyish bilan 2 milliardni tashkil etuvchi bugungi dunyo yoshlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozimligini ta’kidladi.

Islomofobiya kuchayib, musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat ortib borayotgan vaziyatda, ekstremizmga qarshi faqat qurol bilan kurashish yetarli natija bermasligi, oqibat bilan emas, sabab bilan kurashish lozimligi, bu borada O‘zbekistonda izchil ishlar olib borilayotgani aytilganda balki ba’zilar buning mohiyatini aniq anglab yetmagandir. Lekin ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolarni sog‘lom hayotga qaytarish bu illatning qayta urchimasligi uchun asosiy omil bo‘lishini yurtimiz misolida dnyo ommasi o‘ziga dasturulamal qilib oladi.

Islom dini tinchlik dini ekani, unga xunrezliklarning asosi, ekstremizmning omili sifatida qarashni to‘xtatishga chaqirar ekan, davlatimiz rahbari: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz”, deya dinimizga nisbatan salbiy munosabat yuritish mantiqsizlik ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining ma’ruzasidan dunyo hamjamiyati shuni angladiki, O‘zbekiston bugun rivojlanishning yangi bosqichiga chiqqan. Yoshlarning ongi, ma’rifatini, salohiyatini o‘stirish ishlarini muqaddas islom dinining ezgu g‘oyalari asosida olib borish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bu yurtning rivojlanishidagi asosiy tutgan yo‘li va o‘z navbatida o‘ta natija beradigan tanlovdir. 

Zero, bugun buyuk bobokalonimiz Imom Buxoriy hazratlarining g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifatli islom ta’limotini keng yoyish maqsadida Samarqand viloyatida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning mustahkam kelajak qurish borasidagi salmoqli odimlaridir.

Toki, insonlar qalbidan ma’rifat, o‘zaro ishonch, do‘stlik tuyg‘ulari joy olmas ekan, moddiyatning qay darajadagi rivojlanish bosqichiga yetilmasin, insoniyat bir kuni tanazzulga uchrashi inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqat. Bu haqida olis-yaqin o‘tmish hamisha bizni ogohlantirib keladi.

Ushbu haqiqatni teran anglagan O‘zbekiston Prezidenti oliy minbardan turib BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qildi.

Kun sayin ortib borayotgan savodsizlik va jaholatga barham berish, barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashda ushbu va shunga o‘xshash bitimlar, kelishuvlarga dunyo ahli muhtoj ekani anglatib qo‘yildi.  

Bugungi O‘zbekiston dunyo bo‘ylab bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik tarafdori va bunga bor imkoniyatini solib harakat qiladi. Tinchlik, taraqqiyot va farovonlik sari hamkorlikni kengaytirish yo‘lidan sobit boradi.

Insonning ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlash bu diyorning asosiy maqsadi va ushbu yo‘lda eng oqilona tanlov asosida belgilangan yo‘l orqali yurib bormoqda.

Muhtaram Prezidentimizning yurt obodligi, uning taraqqiy etishi, shu diyorda yashayotgan har bir fuqaroning farovon hayot kechirishi yo‘lida tinimsiz qilayotgan mehnatlariga Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin. Jonajon O‘zbekistonimiz boshida hamisha tinchlik quyoshi porlasin va oliyjanob xalqimiz o‘zining oliy maqsadlariga erishsin. 

Zayniddin EShONQULOV,

Samarqand viloyati bosh imom xatibi