Bugungi kunda har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish – zamon talabi ekanligi oydek ravshandir. Chunki mustaqil vatanimizning kelajagi yoshlar qo‘lidadir. Farzand tarbiyasida azaldan ilm va tajribaga suyanib kelinganligini hamma yaxshi biladi.  Ota-bobolarimiz bola xulqi buzilishiga ota-onalarning farzand tarbiyasiga befarq munosabatda bo‘lishi ekanligini ta’kidlab o‘tganlar. Shunday holatlar sodir bo‘lmasligi uchun ota-onalar oldidagi javobgarlikni yanada oshirish lozim. Shu bilan birga  bolalarni zarur va foydali mashg‘ulotlar bilan band qilishi kerakligi, ularni bekor qoldirmaslik,  uyda munosib tarbiya berilmasa, u ko‘chaga intilishi va o‘zi bilmagan holda boshqa “dunyo” domiga tushib qolishini  uqtiradilar. Oddiy misol tariqasida bugungi kunda ota-onasi chet elga ishga ketgan yoki ota-onasi bor bo‘lsa-da, farzand tarbiyasiga befarq, loqayd bo‘lganligi sababli turli jinoyat yo‘llariga kirib ketayotgan yoshlarni ko‘rish achinarli holdir.

Muqaddas islom dinimizda ham farzand tarbiyasi eng dolzarb masala sifatida qaraladi. Jumladan, Payg‘ambarimiz  Muhammad mustafo sollallohu alayhi va vasallam  Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda “Kishining o‘z farzandiga chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqa berishidan yahshiroqdir” deb aytganlar. Demak, bugungi kunda  katta-katta qozonlarda osh damlab nafl sadaqalar berishimizdan ko‘ra farzand tarbiyasiga e’tibor berishimiz savobli amallardan ekan. Joriy yilning 15 iyun kuni “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi” mavzusidagi anjumanda muhtaram yurtboshimiz “O‘z bolangni o‘zing asra” degan g‘oyani ilgari surdilar. Sir emaski,  farzand yaxshilikni ham, yomonlikni ham ilk bor oilada ko‘radi. Kattalarning barcha xatti-harakatlarini xuddi suratga olgandek ongiga joylab, ulg‘aygach, ularni hayotda tatbiq eta boshlaydi. Shu sabab xalqimizda qush uyasida ko‘rganini qiladi deyilgan. Ba’zida ota-onalar farzandlari oldida bir-birlariga yelkada turmaydigan gaplarni aytib, bir-birlarini haqorat qilishadi. Bu albatta farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Xulosa o‘rnida aytish joizki, yuqorida ishlatilgan maqol oiladagi salbiy munosabatga nisbatan ishlatilishini unutmaylik. Mutaxassislarning aytishicha, bola ikki-uch yoshidayoq ba’zi narsalarni idrok eta boshlaydi. Ayniqsa, bugungi kunda yosh bolalarning  televizorda ko‘rganiga taqlid qilishiga nima deysiz?  Shu o‘rinda hayotiy bir voqeani keltirmoqchiman. Oynai jahon orqali terroristik harakatlar  oqibatida vafot etgan bolalar  ko‘rsatilayotgan edi. O‘ynab yurgan ikki yarim yoshdagi nabiramning bexosdan u “o‘lganmi” deb bergan savoli meni esankiratib qo‘ydi. Nima deb javob berishimni ham bilmay qoldim. Chunki ikki yarim yoshdagi bola o‘lik bilan tirikni farqiga borsa. Yosh bolalarni besh yoshgacha qanday tarbiyalansa, keyinchalik xulqi shunday  shakllanadi. Keyingi urinishlarning natijasi kam bo‘lishi kuzatilgan. Shunga ko‘ra, axloqi yomon bolalar asosan muhiti sog‘lom bo‘lmagan  oiladan chiqishi oydinlashadi.

Ota-onaning farzand tarbiyasidagi  burchlaridan biri uni yoshligidan boshlab ilm olishga  o‘rgatish, ulg‘aygan sari biror o‘ziga munosib kasbu hunar tanlashga yo‘l ko‘rsatib borishlaridir. Abdulla Avloniy aytganidek: “Hushyor va ziyrak kishilar kuch va quvvatlari bor vaqtida keladurgan zamonlarini  tushunib, pul va mollarini o‘rinsiz joylarga, to‘y va ma’rakalarga haddan ortiqcha isrof qilmaslar, o‘zlarining rohati, bola-chaqalarining saodati uchun kerak bo‘ladurgan  yer va bog‘larini sotmaslar, zamonaga muvofiq kishi qilmak uchun bolalarini o‘qitmak va tarbiya qilmak to‘g‘risida aqchalarini aslo  qizg‘anmaslar”. Xaqiqatda bugungi kunda kim o‘zarga to‘ylar qilyapmiz, ammo farzandimizni biror bir ilm maskanida o‘qishi  yoki kitob sotib olishi uchun pulni qizg‘anamiz. Chunki orzu-havaslarimizning cheki yo‘q. Farzandimizga kitob olib bergandan ko‘ra oshxonaga yoki choyxonaga borib maishat qilishni afzal bilamiz. Ulamolarimiz bolalarni xulqi yomon, farosatsiz kishilar bilan hamsuhbat bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak deb aytishgan. Chunki bolalar nimani ko‘rsalar va kimga ergashsalar o‘sha narsalarga tezda ko‘nikib qolishadi.  Keyingi pandu nasihat bilan ularning ko‘nglidan o‘rgangan narsalarini chiqarib bo‘lmasligi haqida ta’kidlaydilar. Buning xaqiqatini mustaqilligimizning ilk davrida kirib kelgan turli oqim va firqalarning yoshlarimiz ongini zaharlashga qaratilgan xunrezliklaridan bilishimiz mumkin. Ayniqsa, “Hizbut-tahrir” diniy ekstremistik oqimi qanchadan-qancha yoshlarning ongini zaharlab, ularni zombiga aylantirib, Vataniga, ota-onasiga qarshi qilib qo‘yganligi achchiq bo‘lsa ham haqiqatdir. Farzandlarimiz ongini zaharlashga qaratilgan va har qanday jinoyat yo‘llariga kirib ketishini oldini oladigan milliy qadriyatlarimizning tarkibiy qismi bo‘lgan insonparvarlik, tinchliksevarlik, ma’rifatparvarlik asosida qurilgan milliy va diniy qadriyatimiz bo‘lgan islom arkonlarini farzandlarimizga tushuntirib, ularni asrasak, albatta Vatanni asragan bo‘lamiz.

 

Bo‘ustonliq tuman bosh imom-xatib v.b

   M.A.Abdusaitov