O‘zbekistondan «Haj-2017» mavsumida ibodatlarni ado etish maqsadida Saudiya Arabistoniga safarga ketgan yurtdoshlarimiz Madina shahridagi muqaddas qadamjolarga ziyorat uyushtirdilar.

Dastlab yer yuzidagi eng fazilatli shaharlardan bo‘lgan Madinai munavvarada bo‘lib, u yerdagi muborak Payg‘ambarimiz dafn etilgan Masjidi Nabaviyni, islom tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan “Qubo” va “Qiblatayn” masjidlari, Uhud etagidagi shahidlar qabristoni, “Baqi’” qabristonlarini ziyorat qildilar. Ularga ishchi guruh a’zolari va Saudiya Arabistonidagi hamkor shirkat "al-Hidoya" vakillari hamrohlik qildilar.

Shuningdek, Madina shahriga kelgan hojilarimiz ziyoratlarini bajarib, haj amallarini bajarish uchun tayyorgarlik ko‘rib turibdilar. Haj safariga kelgan mehnat faxriylaridan Abdukarimov Habibullo va Qudratov Saidali otalarga o‘xshagan ziyoratchilarimiz bugungi kunda hojilarimiz Madina shahrida yaratilgan sharoitlardan nihoyatda mamnun ekanliklarini bildirmoqdalar. Hojilarni kutib olishda xizmat qilayotgan ishchi guruhi, lazzatli taomlarni pishirayotgan oshpazlar, hojilarning salomatliklari uchun qayg‘urayotgan malakali shifokorlar, guruh rahbarlari xizmatlaridan mamnun ekanliklarini barcha hojilar nomidan e’tirof etdilar.

Madina shahrida 1335 ta ziyoratchi o‘z ibodatlarini ado etmoqda. Ularga 17 ta ishchi guruhi, 10 ta oshpaz, 6 ta shifokor xizmat ko‘rsatmoqda.

Bugun, 10 avgust kuni o‘zbekistonlik birinchi ziyoratchilar guruhlari Makka shahridagi “Abrojul-Hidoya” mehmonxonasida kutib olinadi.

Fuqarolarimiz bunday muqaddas joylarni ziyorat qilar ekanlar, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik va oilalariga baxtu saodat tilab duoi iltijolar qilmoqdalar.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Axborot xizmati