Qur’oni karim va hadisi shariflar kishilarni insonparvarlik, vatanparvarlik, bunyodkorlik kabi ezgulikka, insoniyatga zarar keltiruvchi har qanday illat va salbiy holatlardan uzoqlashishga chaqirishga qaratilgan. Ammo diniy qadriyatlardan o‘z g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishni ko‘zlagan ayrim guruhlar ushbu manbalarda kelgan oyat va hadislarni buzib talqin etishga harakat qilmoqdalar.

«Xorijiylar» islom tarixida radikal guruh sifatida tanilgan bo‘lib, VII asrda birinchi bo‘li rahbarga qarshi chiqqanlardan hisoblanadi. Ular Qur’ondagi «Hukm Allohdan o‘zganiki emas»[1] degan oyat bilan o‘z bosqinchiliklarini oqlamoqchi bo‘lgan edilar. Bu bilan ular «rahbar hukm chiqarishga haqli emas, faqat Allohning kalomi bilangina ish tutish lozim» demoqchi edilar. Ammo Payg‘ambar alayhis-salomning kuyovlari bo‘lmish o‘sha davrdagi musulmonlar peshvosi hazrat Ali ibn Abu Tolib ularning bu so‘zlari va qilmishlariga nisbatan «Botil maqsadni ko‘zlab aytilgan haq so‘z» degan edilar. Keltirilgan misoldan ko‘rinadiki, mutaassib guruhlar o‘zlarining qilayotgan ishlarini doimo diniy manbalar, xususan Qur’on oyatlari bilan g‘arazli yo‘l bilan dalillashga harakat qilganlar. Lekin ularning bu urinishlariga qarshi islom ulamolari asosli raddiyalar berganlar.

Hadislarni o‘z manfaatlariga mos tarzda talqin etishga harakat qilish mutaassib guruhlarning faoliyatida kuzatilgan. Ular o‘z g‘arazli maqsadlariga xizmat qiluvchi g‘oyalarni hadislar orqali kishilar ongiga yetkazishga urinar edilar. Chunki musulmonlar orasida hadis oddiy so‘zdan ko‘ra ko‘proq tinglanar va qabul qilinar edi. Ba’zan manfaatlariga mos keluvchi hadis topa olmasalar, soxta hadislarni ham to‘qir edilar.

Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy kabi muhaddislar IX asrda ishonchli, sahih hadislarni to‘qima va zaiflaridan ajratib berilishi islom niqobi ostida turli buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishiga keskin zarba berdi[2]. Ammo din nomidan g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishga intiluvchi kuchlar bu bilan o‘z faoliyatlarini to‘xtatmadilar. Endi ular maqsadga erishishda «sahih hadislar»ni o‘zlariga qurol qilib olishga kirishdilar. Buning uchun hadis matnini buzish yoki yangilarini to‘qish emas, balki mavjudlarini o‘z manfaatlariga mos tarzda talqin etish va shuningdek, ayrim ularning fikriga zid bo‘lgan hadislarni zaif va ishonchsizga chiqarish yo‘liga o‘tdilar. Bu kabi salbiy holatlar ham hadis ilmi olimlari e’tiboridan chetda qolmadi. Buning oldini olish uchun ular hadislarni to‘g‘ri tushunish va talqin etish shartlarini ishlab chiqdilar.

Hadislarni to‘g‘ri tushunish va talqin etish uchun zarur bo‘lgan asosiy shartlardan biri sifatida arab tilini yaxshi bilish sanaladi. Zero, inson gapirganda tilning barcha imkoniyatlardan foydalanishga harakat qiladi. Maqol, hikmatli so‘z, frazeologik iboralarni ishlatmay turib maqsadni ta’sirli ifodalab bo‘lmaydi. Hadislarni o‘rganish natijasida Payg‘ambar alayhis-salom ham gapirganda arab tilining imkoniyatlardan naqadar keng foydalanganliklari ma’lum bo‘ladi.

Bir tildan boshqasiga so‘zma-so‘z tarjima qilganda aytuvchining maqsadini to‘g‘ri ifodalab bo‘lmaydigan iboralarni ajrata olish uchun kishi o‘sha tildagi mazkur iboralarning etimologiyasi, ishlatilish o‘rinlari va ma’nolarini bilishi talab etiladi. Xususan, hadislarni to‘g‘ri anglash uchun muhaddis arab tili grammatikasi, ya’ni «sarf», «nahv» ilmlarini va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan «balog‘at», «fasohat» ilmlarini ham o‘zlashtirgan bo‘lishi lozim. Payg‘ambar alayhis-salom Quraysh qabilasidan ekanliklarini ham nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu lahjaning boshqa arab qabilalarinikidan farqli jihatlari bor edi.

Arabiston yarim orolidagi markaziy shaharlardan biri bo‘lgan Makkaga xos Quraysh lahjasi ancha mukammal va «fasih» (adabiy) hisoblangan. Bu esa hadis matnining shakllanishida o‘z ta’sirini o‘tkazmasligi mumkin emasdi. Shuningdek, «balog‘at» va «fasohat»li Qur’on oyatlari ham Payg‘ambar alayhis-salomga ilhomlanish manbai bo‘lgan. Chunki hadislar islom dinining Qur’ondan keyingi ikkinchi asosiy manbasi bo‘lib qolishi ham bejiz emas edi.  Shundan kelib chiqqan holda, kam so‘zli ammo serma’no hadislarni, ulardan olinadigan xulosa, pand-nasihat va ibratlardan iborat hadislarni to‘liq tushunish va o‘zlashtirish uchun arab tili, uning balog‘at va fasohatini mukammal o‘rganish lozim bo‘ladi.

Hadislar orasida ba’zan Qur’on ta’limotiga mos kelmaydiganlari ham uchrab qoladi. Bu esa ularning to‘qilgan va soxta ekanini ko‘rsatadi. Ba’zan esa ishonchli hadislar orasida ham ko‘rinishidan Qur’on ta’limotiga go‘yo zid hadislar ham chiqishi mumkin. Bu holatda hadisning sharhini o‘rganib chiqish lozim bo‘ladi.

Masalan, Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Abu Amoma Bohiliy (r.a.) omochga qarab turib deganlar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Mana shu narsa qaysi bir qavmning uyiga kirsa, albatta, Alloh taolo o‘sha uyga xorlikni kiritadi» deganlarini eshitdim».

Zohiran bu hadisda dehqonchilik ishlaridan qaytarish, unga targ‘ib qilmaslik ma’nosi bordek ko‘rinadi. Ammo islom ta’limotiga ko‘ra, xususan hadislarda dehqonchilikka, bog‘dorchilikka, umri oxiriga yetgan kishi ham bir dona bo‘lsa-da, daraxt ekib ketishiga, kelajak avlod uchun rizq-ro‘z qoldirishga targ‘ib etiladi. Buni quyidagi hadislarda ko‘rish mumkin.

Imom Buxoriy, Imom Muslim va boshqa muhaddislar rivoyat qilgan sahih hadisda Payg‘ambar alyhis-salom: «Qaysi bir musulmon biror ekin eksa yoki mevali daraxt o‘tqazsa-yu, ulardan qushlar, odamlar yoki hayvonlar yesa, bu uning uchun sadaqa hukmida bo‘ladi»[3], deganlar.

Imom Ahmad «Musnad» asarida Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadisda aytiladi: «Sizlardan birortangizning qo‘lida bir dona xurmo ko‘chati bo‘lgan holda qiyomat qoim bo‘lib qolsa ham uni ekib qo‘ysin»[4].

Ilk islom tarixida Payg‘ambar alayhis-salom biror kishini dehqonchilikdan, omoch ishlatishdan qaytarmaganlar. Madina ahli doimo bog‘dorchilik va dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Hadis va fiqhga oid kitoblarda ham dehqonchilik, ziroatchilik haqida alohida boblar ajratilgan, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirganga savob va imtiyozlar haqida so‘z boradi.

Yuqoridagi hadislardan kelib chiqib aytish mumkinki, islom dini insonlarni dehqonchilikdan qaytarmagan va «omoch kirgan uyga xorlik kiradi» ma’nosidagi hadisning sharhini ishonchli manbalardan olish lozim bo‘ladi. Imom Buxoriy bu hadisni «Ziroat asboblari bilan ovora bo‘lib qolish yoki unga haddan tashqari berilish oqibatlaridan ogohlantirish» bobida keltirgan ekan. Bobning nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bu hadis orqali omochga yopishib olib, boshqa narsalar, xususan dushman bostirib kelganda Vatan himoyasiga chiqmay bahona qilgan kishiga nisbatan aytilgan bo‘lib, unda dushmandan yengilib, xorlikka mahkum bo‘lishdan ogohlantirilgan. Shuningdek, ilm olish kabi boshqa zaruriy ishlar turganida dehqonchilikni bahona qilish noo‘rin ekani nazarda tutilgan. Yana boshqa bir hadisda bu so‘z kengroq sharhlanadi: «Rasululloh (sav): «Bu narsani, unga o‘zgalar muhtoj bo‘lib turgan paytda, qaysi qavm (qizg‘anib dalasidan) uyiga olib kirib qo‘ysa, albatta o‘sha qavmning uyiga xorlik kiradi», deb marhamat qilganlar»[5].

Hadislarning sabab va maqsadlarini chuqur tushunib yetish ularni to‘g‘ri talqin etish uchun zaruriy omillardan hisoblanadi. Ba’zi hadisi shariflarning aytilish sababi va o‘ziga xos ko‘zlangan maqsadlari bor. Ayrimlarida ma’lum bir shaxsga, zamonga, makonga, shart-sharoitga oid bo‘lgan muammolar aytib o‘tilgan bo‘ladi. Shu kabi sabablarga ko‘ra hadislarni to‘g‘ri tushunish uchun yetarli ilm, qunt, sabot, shar’iy hukmlarni tushuna olish, islom dini ta’limotlarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lish zarur. Bu esa hadisi shariflarda kelgan ko‘rsatmalarning umumiy, xususiy, vaqtincha, doimiy, juz’iy va kulliy (mutlaq) ekanini yaxshi anglab olish va idrok qilishga yordam beradi.

Ba’zan «odamlar hozirgi kunda issiq suvda tahorat qilmoqdalar, holbuki Payg‘ambarimiz sovuq suvda tahorat olganlar», deb qishda ham sovuq suvda tahorat qilib, kasal orttirib olish holatlarini kuzatish mumkin. Ammo bu ham hadisning sirtini ushlab, uning mohiyatini tushunmaslikning bir ko‘rinishidir. Chunki Yer kurrasining eng issiq o‘lkalari bo‘lmish Arabiston yarim oroli bilan shimoliy o‘lkalardagi holatni bir-biriga tenglashtirib bo‘lmaydi.

Imom Buxoriy, Imom Nasoiy, Imom Shofiiylar Oisha onamizdan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh: «Misvok og‘izni tozalovchi va Pavardigorni rozi qiluvchidir», – deganlar. Ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, hadisdan asosiy maqsad og‘izni toza tutishga qiziqtirishdir. «Misvok» deganda ko‘proq «Arok» deb ataluvchi daraxtdan olingan yog‘och tushuniladi. Agar hadisning lafziga asoslanadigan bo‘lsak, dunyodagi barcha musulmonlarga Arok daraxti yog‘ochidan misvok yetkazib berib turish kerak bo‘ladi. Ba’zi kishilar shunday tushunadilar ham. Hanafiy mazhablariga ko‘ra og‘izni tozalashi mumkin bo‘lgan har qanday narsa bilan misvok qilish mumkin. Demak, bu hadisning mohiyatiga ko‘ra, zamon o‘tishi bilan paydo bo‘lgan yangi tish tozalash vositalarini ishlatish ham ayni muddaodir.

Xulosa qilib aytish mumkinki, turli mutaassib guruhlar islom manbalarini o‘z manfaatlariga mos ravishda buzib talqin etishga harakat qilmoqdalar. Qur’on va hadis nomidan gapirgan, ammo mutaassiblik, itoatsizlik, zo‘ravonlik yo‘lini tutgan guruhlarning so‘ziga ergashish na diniy va na dunyoviy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Diniy manbalarni to‘g‘ri tushunishga oid ilmlarni bilmay turib o‘zboshimchalik bilan xulosa qilish, nimanidir halol yoki haromga chiqarish, kimnidir kofir  yoki gunohkorga chiqarish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zero, diniy manbalardan din ilmlarini yaxshi bilgan olimgina hukm chiqarishi mumkin [6].

Toshkent islom universiteti

Dinshunoslik va jahon dinlarni

qiyosiy o‘rganish YuNESKO

kafedrasi mudiri,

t.f.n., dots. D.Rahimjonov

 

[1] An’om surasi, 57-oyat // Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri / Tarjima va izohlar muallifi Abdulaziz Mansur. –T.: Toshkent islom universiteti, 2012.

[2] Obidov R. Sunnat, hadis va muhaddislar. – T.: Movarounnahr, 2012. – B. 256.

[3] Ming bir hadis. – T. II. / Arabchadan Abdulaziz Mansurov tarjimasi. – T.: O‘zbek maskani, 1991. – B. 107 b.

[4] Musnad Ahmad. Hadis № 12435 // Mavsu‘at al-hadis ash-sharif. – Shirkat Saxr li-baromij al-hosib. – 1991-1996 (CD-ROM).

[5] Al-Buxoriy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil. Sahihi Buxoriy: al-Jomi’ as-sahih (Ishonarli to‘plam) / Shayx Abdulaziz Mansur tahririda. – J. 1. – T.: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2008. – B. 385.

[6] Qarang: Alimov U. Sunnat va hadis. – T.: Sharq, 2012. – B. 67.