Shu yil 15 iyun kuni Toshkent shahrida "Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusida o‘tkazilgan anjuman va unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zlagan nutqi mamlakatimiz siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-madaniy hamda ma’naviy-ma’rifiy hayotida muhim voqea bo‘ldi.
Zero, avvalo, ushbu uchrashuv O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, "Nuroniy" va "Mahalla" jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati faollari, hokimliklar, huquq-tartibot idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta’lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirokida, ya’ni ana shunday keng qamrovda ilk bor o‘tkazildi.
 Ayni chog‘da, davlatimiz rahbarining “Vatanimiz taqdiri va kelajagi yo‘lida yanada hamjihat bo‘lib, qat’iyat bilan harakat qilaylik” deb nomlangan nutqi dunyo manzarasi juda keskin, hatto xatarli tus olayotgan bugungi kunda o‘ta dolzarb va nozik masalalarga bag‘ishlangani bilan g‘oyatda ahamiyatlidir. Shu nuqtai nazardan, mazmun-mohiyatan keng qamrovli, hayotiy tahlillar asosida chuqur yondashilgan hamda davlat va jamiyat oldidagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar aniq ko‘rsatib berilgan mazkur nutqni keng jamoatchilik katta qiziqish bilan o‘rganmoqda.
 

Din va jamiyat
 
Ushbu tarixiy anjumanda el-yurtimiz o‘rtasida katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan din arboblari, ilm-fan, madaniyat namoyandalari, jamoatchilik vakillaridan iborat keng ziyolilar vakillari qatnashgani nihoyatda muhimdir. Chunki, anjumanda chuqur muhokama qilingan masala, mamlakatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, ijtimoiy-ma’naviy sohani yanada rivojlantirish, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sog‘lom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrash vazifasi bugungi kunda ulkan ahamiyat kasb etmoqda.
Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarimiz teng huquq va erkinliklarga ega ekani kafolatlab qo‘yilganini, ularga o‘z milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini saqlash, har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini ta’kidlash lozim. Ayni vaqtda izchillik bilan amalga oshirilayotgan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi ustuvor yo‘nalishida ham millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha eng muhim vazifalar belgilab berilgan.
Prezidentimiz alohida ta’kidlaganidek, “Harakatlar strategiyasi” barcha soha va tarmoqlarda hayotimizga chuqur kirib, amaliy harakatlarimiz mezoniga aylanib bormoqda. Ayniqsa, 2017 yilning yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingani bu borada katta ahamiyat kasb etadi.
Binobarin, Istiqlol yillarida yurtimizda yangi Uyg‘onish davri boshlandi. Bu, ayniqsa, diniy sohada yaqqol namoyon bo‘ldi. Diniy kitoblar, Qur’oni karim va Hadisi shariflar chop etildi. Diniy yodgorliklar tiklandi, qadamjo va ziyoratgohlar ta’mirlandi.Ulug‘ ajdodlarimizning yubileylari muntazam nishonlab kelinmoqda. Yurtimizda erkin ibodat qilish kafolatlangan bo‘lib, fuqarolarga diniy marosimlarni erkin ado etishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda. Diniy bayramlar o‘tkazilmoqda. Keyingi vaqtda diniy ta’lim olish imkoniyatlari va ko‘lami yanada kengaydi.
Har yili haj va umra safarlari amalga oshirilmoqda. Bu o‘rinda, albatta, Prezidentimiz nutqida keltirilgan quyidagi dalil va raqamlar juda ahamiyatli: o‘sha qaramlik yillarida O‘zbekistonda sanoqli kishilargina haj qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi, xolos. Mustaqillik yillarida esa har yili 5 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj ziyoratiga borib keladi. Jumladan, joriy yilda 7200 nafar fuqaro muborak haj safarini amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi.

Bularni barchasining zamirida, shubhasiz, O‘zbekistonda dinning konstitutsiyaviy institut maqomiga ega ekani muhim omil bo‘lmoqda. Asosiy Qonunimizning 31-moddasiga ko‘ra, “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”. Bular fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari hisoblanadi.

Shu bilan birga, Bosh Qomusimizning  57-moddasida bu boradagi muayyan majburiyatlar ham nazarda tutilgan. Ya’ni, “Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi”.

Bu – butun jahonda umume’tirof etilgan normalardir. Ushbu qoidalar diniy tashkilotlarga ham taalluqli. Konstitutsiyamizning 61-moddasida qayd etilganidek, “Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi”. Sodda qilib aytganda, yurtimizda din davlatdan ajratilgan. Shuning uchun O‘zbekiston – dunyoviy davlatdir. Shu bilan birga, davlat islom madaniyatiga tayanadi.

Din – fuqarolik jamiyatining muhim instituti. Shu ma’noda, diniy tashkilotlarga doir normalar Konstitutsiyaning “Jamiyat va shaxs” nomli uchinchi bo‘limida berilgan. Asosiy Qonunimizning 48-moddasiga binoan, “Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar”. Ana shunday muhim konstitutsiyaviy huquqqa rioya etilgani tufayli, agar sobiq mustabid tuzum davrida yurtimizda 80 ga yaqin masjid faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 2 ming 42 tani tashkil etmoqda.

Konstitutsiyaning 49-moddasiga muvofiq, “Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar”. Shu o‘rinda islom dini, ulug‘ ajdodlarimiz el-yurtimizning boy tarixiy, ma’naviy va madaniy merosiga ulkan hissa qo‘shganini ta’kidlash zarur. Yurtimizda etnik o‘ziga xoslikni rivojlantirish va millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirishda 138 ta milliy madaniy markaz katta rol o‘ynamoqda.

Shu borada, davlatimiz rahbari e’tirof etganidek, dunyo tarixida ilk Sharq Uyg‘onish davri – Musulmon Renessansi deb nom olgan o‘rta asrlar va undan keyingi zamonlarda bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon ilm-fani va madaniyati, muqaddas islom dini rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan. Xususan, IX-XI asrlarda Xorazmda tashkil etilgan Ma’mun akademiyasi va “Bayt ul-hikma”, ya’ni “Donishmandlik uyi” degan nom bilan shuhrat qozongan Bag‘dod akademiyasida, XV asrda Samarqandda shakllangan Mirzo Ulug‘bekning ilmiy maktabida samarali mehnat qilgan olimlar, o‘tmishda yurtimizda islom dinining mazmun-mohiyatini chuqur tadqiq qilish va targ‘ib etish bo‘yicha betakror asarlar yaratgan ulamolar butun dunyoga dong taratganlar.

Bugungi kunda mamlakatimizda ana shu ulug‘ ajdodlar izidan borayotgan ulamolarimiz va din sohasi xodimlari diniy bilimlarni puxta egallash bilan bir qatorda, dunyoviy va huquqiy bilimlarni ham bilishlari darkor. Ayniqsa, Konstitutsiya hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilikdan xabardor bo‘lishlari va ularga rioya qilishlari  shart.

Din sohasi xodimlari, shuningdek, vijdon erkinligiga oid xalqaro huquq normalaridan ham yaxshi xabardor bo‘lishlari talab etiladi. Shunday ekan, diniy o‘quv yurtlarida ham Konstitutsiya va huquqiy bilimlar o‘qitilishi taqozo etiladi. Xususan, Imom Buxoriy markazida hozirgi paytda  Konstitutsiya asoslari o‘qitilmoqda.

Davlat va din

Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunda quyidagi uch holat, ya’ni missionerlik faoliyati, prozelitizm, ro‘yxatdan o‘tmagan diniy tashkilotlar faoliyati taqiqlanadi. Bu qoidalar O‘zbekistonning milliy manfaatlariga to‘la javob beradi.

Bu qoidalar, shuningdek, mamlakatimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, bugun mamlakatimizda dindorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilgani, diniy e’tiqod erkinligi ta’minlangani, masjidu madrasalar iymon ahlining ixtiyorida ekanining o‘ziyoq davlatimizning oqilona siyosati ifodasidir.

Ayni chog‘da, davlatimiz rahbari aytmoqchi, yurtimizda yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmasdan, egri qadam bosadigan, el-yurtimizga isnod keltiradigan kimsalar bilan ta’sirchan va samarali ish olib borish zarur. Yoshlarning turli norasmiy diniy guruhlarga kirib qolishi sabablarini teran o‘rganish darkor. Nega deganda, missionerlar, ya’ni da’vatchilar juda pixini yorgan ruhshunoslar bo‘lib, e’tiqodi va irodasi bo‘sh kishilarni tanlab, o‘z yovuz niyatlari domiga tortadi.

Shu tariqa Prezidentimiz yuragidagi gaplarni ochiq, kuyinib aytdi. Jamiyat oldida turgan dolzarb muammolarni tanqidiy asosda chuqur tahlil qilib berdi va barchani jamiyatda ma’naviyatni har tomonlama yuksaltirish bo‘yicha ochiq muloqotga chaqirdi. Ma’naviyat esa pok diniy e’tiqodsiz yuksak va to‘laqonli bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatiga islom madaniyati va qadriyatlarini targ‘ib qilishi millatlararo, madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi. Bu qadam, shuningdek, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrash, ularning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, komil inson bo‘lib yetishishi, navqiron avlodning qalbida buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lishdek yuksak tuyg‘ularni shakllantirishga xizmat qiladi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, O‘zbekiston davlati va jamiyatining diniy masaladagi, ayniqsa, jaholatga qarshi ma’rifat, ta’lim-tarbiyani kuchaytirish bilan kurashish zarurligiga doir istiqbolli yondashuvi dunyoning ko‘plab musulmon mamlakatlari va AQSh kabi yirik demokratik rivojlangan davlatlar sa’y-harakatlari bilan uyg‘un va hamohangdir.

Davlatimiz rahbarining nutqi o‘z mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan keng jamoatchilik, din arboblari, barcha yurtdoshlarimiz tomonidan katta qiziqish hamda mamnuniyat bilan kutib olingani bejiz emas. Chunki ushbu nutq, shuningdek, shu yil 20 iyunda qabul qilingan “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi hamda 23 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari mamlakatimizda inson va uning manfaatlari ustuvor ekanligiga yaqqol amaliy dalillardir.

O‘z navbatida, Prezidentimizning din ulamolarini ochiq muloqotga chorlashlari tinch va osuda hayotimizni asrab-avaylash, xotirjamligimizga putur yetkazadigan har qanday g‘ov va to‘siqlar bilan ayovsiz kurash olib borish, farzandlarimiz ta’lim va tarbiyasiga yanada jiddiy e’tibor berishga da’vatdir. Binobarin, tinchlik — dunyodagi eng bebaho ne’mat. Baxtimiz shundaki, biz ana shunday xotirjamlik hukmron yurt farzandlarimiz. Buni mamlakatimizning har bir fuqarosi teran anglashi va qadrlashi lozim.

Xalqaro e’tirof

Islom madaniyatiga mansub bo‘lgan 1300 yillik tarixga ega, o‘tmish qa’ridan olamga nur taratib kelgan muqaddas obidalar — masjid va madrasalar, ajdodlarimizdan qolgan tarixiy merosimiz qayta tiklandi. Bugun insoniy qadriyatlarimizning asosini tashkil etgan islom dini ta’limotlaridan bemalol bahramand bo‘la boshladik.

Vatanimiz mustaqilligi yildan-yilga mustahkamlanib, O‘zbekiston xalqaro miqyosda o‘zining munosib o‘rnini egallab, xalqimizning turmush darajasi, el-yurt farovonligi yanada ravnaq topmoqda. Zaminimiz ulug‘ allomalar, buyuk insonlar yetishib chiqqani bilan dunyoga mashhur. Ayniqsa, islom olamida Qur’oni karimni yod etib, tafsir qilgan, aqida ilmida nom qozongan allomalarning kitoblari bugun dunyoning nufuzli ilm dargohlarida o‘qitilmoqda.

Keyingi bir oy ichida BMT Bosh kotibi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari mamlakatimizga tashrif buyurdi. Yuqori martabali har ikki mehmon Samarqand shahrida bo‘lib, viloyatdagi 6 ta diniy tashkilot va 9 ta milliy-madaniy markaz xodimlari, bu yerda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari hamda mahalla faollari bilan uchrashdilar.

E’tiborli jihati shundaki, ularning ikkisi ham uchrashuv ishtirokchilariga shunday savollar bilan murojaat qildi: “Butun dunyoda yuz berayotgan aksariyat nizolarning negizida diniy va milliy qarama-qarshiliklar, shafqatsiz ixtiloflar yotibdi. Sizlarda esa ko‘p asrlik diniy va milliy bag‘rikenglik muhiti yaratilgan. Bunga qanday erishgansiz? Maslahat bering: nizolarning oldini olish uchun nima ishlar qilaylik?”

Janob Antoniu Guterrish ham, Zayd Raad al-Husayn ham O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalariga shaxsan e’tibor qaratilayotgani, jumladan, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi” qabul qilingani va izchil bajarilayotgani, sud-huquq tizimida islohotlar amalga oshirilayotganiga yuksak baho berdilar. Haqiqatan ham, O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari nafaqat xalqimiz tomonidan, ayni chog‘da xalqaro miqyosda ham keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bu borada, ayniqsa, mamlakatimizning turli hududlarida hadisshunoslik, fiqh, tasavvufga oid boy merosni o‘rganish bo‘yicha zamonaviy ilmiy markazlar tashkil etilayotgani diqqatga loyiqdir. So‘nggi vaqtda Toshkent shahrida – Xastimom majmuasiga yondosh hududda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat muassasasi shaklida faoliyat yuritadigan O‘zbekistondagi Islom madaniyati markaziga asos solindi. Shuningdek, poytaxtimizda joylashgan Imom Termiziy nomidagi masjid va Suzuk ota maqbarasini ta’mirlash; Samarqandda – Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazini barpo etish yuzasidan bir qator amaliy natijalarga erishildi.

Ayni paytda bu yo‘nalishdagi ishlar qizg‘in davom ettirilmoqda.  Xususan, Buxoroda – Bahouddin Naqshband qadamjosini yanada obod etish, mashhur Mir Arab madrasasi qadimiy binolarini tubdan ta’mirlash; Surxondaryoda  – buyuk hadisshunos alloma Iso Termiziy nomi bilan bog‘liq alohida ilmiy markaz ochish bilan bog‘liq tashabbuslar muhim samaralar bermoqda. Bundan tashqari,  Qashqadaryo zaminida buyuk alloma, moturidiya ta’limotining yirik vakili Abu Muin Nasafiy maqbarasini ta’mirlab, u zotning kalom ilmi, ya’ni islomiy e’tiqod pokligiga oid dolzarb ma’naviy merosini targ‘ib etish ishlari izchil bormoqda.

Xalqimizga, yoshlarimizga qanday buyuk va betakror merosimiz borligini anglatish, farzandlarimizni shu ulug‘ tariximiz, boy madaniyatimiz, ma’naviy-diniy merosimizga munosib etib tarbiyalashga qaratilgan ana shu ezgu ishlar nafaqat yurtimizda, balki chet ellarda ham jiddiy qiziqish uyg‘otmoqda. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Dunyodagi, musulmon olamidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan rasmiy shaxslar bu borada biz bilan hamkorlik qilish istagini bildirishmoqda”.

Ma’lumki, 2016 yil oktyabr oyida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida o‘tkazilgan uchrashuvida O‘zbekiston tomonidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazini tuzish to‘g‘risida tashabbus ilgari surilgan edi. Prezidentimizning Saudiya Arabistoniga safari paytida O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Islom taraqqiyot banki o‘rtasida ayni shu masala bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Xulosa o‘rnida shuni ham aytish kerakki, davlatimiz rahbarining nutqini mamlakatimiz keng jamoatchiligi qatori  «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi a’zolari ham atroflicha o‘rganmoqda. Binobarin, ushbu nutqda belgilangan ustuvor vazifalar partiyamiz saylovoldi platformasida belgilangan vazifalar, xususan, xalqimizning ma’naviyati rivoji va jamiyatdagi barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan mehr-oqibat, o‘zaro hurmat-ehtirom, bag‘rikenglik, yaxshilik va saxovatpeshalik kabi milliy qadriyatlarimiz targ‘ibotiga asoslangan loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Akmal Saidov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi;

O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi