Ma`rifiy tadbirlar turkumidan

Joriy yilning 21-22 dekabr` kunlari Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi O.Yusupov va O'zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy U.Alimovlar tomonidan Samarqand viloyatida “Tinchlikni asrash-davr talabi” mavzusi ostida qator ma'rifiy-targ'ibot tadbirlarida ma'ruzalar bilan qatnashib, uchrashuvlarda ishtirok etdilar.
Ushbu tadbirlarda viloyat, shahar va tuman hokimlarining o'rinbosarlari, Xalq ta'limi, O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmalari, Ma'naviyat targ'ibot markazi, “Kamolot” YIH, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg'armasi viloyat va shahar-tuman bo'limlari rahbarlari, joylardagi oliy o'quv yurtlarining ma'naviyat va ma'rifat masalalari bo'yicha prorektorlari, kasb-hunar ta'limi muassasalari direktorlari, mahalla fuqarolar yig'inlari raislari hamda viloyatdagi barcha imom-xatiblar ishtirok etdilar.
Ma'ruzachilar tomonidan o'tkazilgan yig'ilishlarda “Mamlakatimizda diniy-ekstremizm va xalqaro terrorizmga qarshi kurashning dolzarb yo'nalishlari”, “Islom – tinchlik dini”, “Tinchlikni asrash va targ'ib qilish dolzarb vazifa” “Noqonuniy migratsiyani oldini olish”, “Soxta tariqatchilikning salbiy oqibatlari”, “Ogohlik – davr talabi” mavzularida ma'ruzalar qilindi.
Uchrashuvda so'zga chiqqan ishtirokchilar tinchlikni asrab-avaylash, ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga, ularni turli yot oqimlar ta'siriga tushib qolishini oldini olishga barcha ma'sul ekanligini, bu ishlarni hamjixatlikda amalga oshirish ko'zlangan natijalar berishini ta'kidladilar.    
O'MI raisi, muftiy U.Alimov safar Urgut tumanidagi “Bog'ishamol”, Jomboy tumanidagi “Islomobod”, Bulung'ur tumanidagi “Amir Xamza” masjidlariga tashrif buyurib, namozxonlar bilan tinchlikni asrash, uning qadriga yetish, yot g'oyalarga ergashmaslik, farzand tarbiyasi, ogohlik mavzularida suhbatlar o'tkazdi.
Shuningdek, tadbir va uchrashuvlar davomida ishchi guruh a'zolari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning Konstitutsiya qabul qilinganining 23 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida qayd etilgan vazifalar va ustivor yo'nalishlarning mazmun-mohiyati bayon etilib, jamiyatning turli sohalarida ayollarga yaratilayotgan sharoitlar, ona-bola salomatligi, yosh avlod kamoloti uchun berilayotgan imkoniyatlar haqida aytib o'tildi.
Xususan, bugungi kunda yurtimizda qiz bolalarning – bo'lg'usi onalarning ham jismoniy, ham ma'naviy sog'lom bo'lib voyaga yetishi, ularga ta'lim olishda ko'maklashish, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligi ta'kidlandi. Muqaddas manbalarda ham ilm olish har bir erkak va ayol uchun farz ekani aniq dalillar yordamida yoritib berildi.    
Qayd etish joizki, o'tkazilgan yig'ilish va uchrashuvlar ishtirokchilarda tinchlikni asrab-avaylashga daxldorlik hissini kuchaytirib, ularda katta taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga hayotiy misollar asosida javoblar berildi. Ishtirokchilarga joylarda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashda har bir mas'ul xodim, har bir fuqaro tomonidan amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar yuzasidan tavsiyalar berildi.