Mafkuraviy himoya

...Internetning ta'sir kuchi ko'p hollarda ma'lumotlarning tezkorligi, ko'tarilayotgan masalalarning dolzarbligi hamda tahliliylik darajasi va mavjud muammolarning samarali yechimlari taklif etilishiga bog'liq. Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, “Zamonaviy axborot maydonidagi harakat shunchalar tig'iz, shunchalar tezkorki, endi ilgarigidek: “Ha, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo'q”, deb beparvo o'tirib bo'lmaydi. Mana shu shart-sharoitlarning barchasi ham ma'naviyat, milliy mafkuraning ahamiyatini yanada kuchaytiradi... Bugungi kunda g'oyani, fikrni taqiq bilan, ma'muriy choralar bilan yengib bo'lmaydi. G'oyaga qarshi faqat g'oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat ma'rifat bilan bahsga kirishish, olishish mumkin”.
Internet orqali amalga oshiriladigan, katta mablag' talab qilmaydigan g'oyaviy ta'sir va tazyiqni ko'pincha o'quvchi, tinglovchi yoki tomoshabinning o'zi sezmay qoladi. Bunda g'oyaviy ta'sir yo'naltirilgan mamlakatlar aholisining xohish-istaklari, tabiati, mavjud muammolari jiddiy o'rganilgani holda, asosiy diqqat kishilar ongi va dunyoqarashiga ta'sir ko'rsatishga, shakllangan qadriyatlarni o'zgartirishga, ularning boshqaruvchilik ahamiyatini kamaytirishga yoki butunlay yo'qqa chiqarishga qaratiladi.
Hozir buzg'unchi oqimlarning g'oyalarini targ'ib qilishda internetdan asosiy qurol sifatida foydalanmoqdalar.
So'nggi yillarda qo'poruvchi tashkilotlar g'oyalarini targ'ib-tashviq qilishga qaratilgan veb-saytlarning soni bir necha barobarga oshgan. Xususan, 10 yil oldin bunday saytlar soni 20 ta bo'lsa, bugun bu ko'rsatkich 7000 dan ortib ketdi. Qo'poruvchilarga xizmat ko'rsatuvchi sayt va portallar soni kundan-kunga ortib bormoqda.
Bunday saytlar to'satdan paydo bo'ladi, vaqt o'tgach yo'qoladi, mazmunini o'zgartirmagan holda, nomlanishi va ro'yxatdan o'tish manzilini tez-tez almashtirib turadi.
Shuningdek, ekstremistlar va qo'poruvchilarning saytlarida tashkilotning maqsadi, tarixi hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy mazmundagi ma'lumotlarga ham keng o'rin beriladi. Jumladan, qo'poruvchilar kuch ishlatish yo'liga o'tishga go'yo majbur bo'lganlarini asoslashga, buzg'unchilik harakatlarini ma'naviy va axloqiy jihatdan oqlashga intilishadi. O'zlarini “ozodlik kurashchisi”, “partizan”, “qarshilik ko'rsatuvchi” deb atab, tinch-lik tarafdori sifatida talqin etishga zo'r berib urinishadi.
Ulkan axborot ummonida yolg'on xabarlar nisbati shiddat bilan ortib borayotgan hozirgi tahlikali zamonda ajdodlarimizning, xususan, buyuk muhaddis ajdodlarimizning hadislarni ishonchli va ishonchsizga ajratishda qo'llagan boy ilmiy tajribalaridan foydalanish maqsadga muvofiq. Ular asosiy e'tiborni avvalo hadis isnodi (uni yetkazuvchi roviylar silsilasi)ga, so'ngra hadis matni (mazmuni nechog'li haqiqatga yaqin ekani)ga qaratganlar.
Hadisning boshlanishida uni birinchi bo'lib aytgan va eshitgan kishidan boshlab, hadislarni to'plovchiga qadar barcha shaxslarning ismlari birma-bir ko'rsatib chiqilgan va bu hadisning asosi, dalili hisoblangan. Hadisning haqiqiy yoki soxta ekanini muhaddislar shu ismlarni taqqoslash yo'li bilan tekshirganlar. Hadisni naql qiluvchi kishilarning yashagan yillari va ijobiy sifatlari shartga to'g'ri kelsa, hadis ham to'g'ri deb hisoblangan.
Bugun yoshlar axborot himoyasi bo'yicha bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishi, har qanday xabarning mohiyatini tushunishi, zararidan saqlana olishi zarur.
Inson o'zida bunday madaniyatni tarbiyalashi uchun u yoki bu axborotni eshitar ekan, hech bo'lmaganda “Bu axborotni kim uzatyapti?”, “Nima uchun uzatyapti?” va “Qanday maqsadda uzat-yapti?” degan savollarni o'z-o'ziga berishi, unga asosli javob topishga harakat qilishi kerak. Shundagina turli g'oyalar ta'siriga tushib qolish, taqdim etilayotgan ma'lumotlarga ko'r-ko'rona ergashishning oldi olinadi. Yoshlarda axborot iste'moli madaniyatini shakllantirish, milliy manfaatlarimiz va qadriyatlarimizga hurmatni kuchaytirish zararli xabar, ma'lumotlarga qarshi o'ziga xos qalqon bo'ladi, shaxs dunyoqarashi va xulqida sobitlikni ta'minlashga xizmat qiladi.
Odamzod ishonchga, e'tiqodga tayanib yashaydi. Binobarin, uning e'tiqodi ham o'zi kabi hurmatga, e'zozga loyiqdir. Ongu tafakkurga tahdid solishni, sof e'tiqodli kishilar qalbiga tajovuz qilishni ko'zlagan kimsalarning internet orqali tarqatayotgan fikrlari soxtalikka, yuzakilikka va g'arazli manfaatga asoslangan, shu bois bunday xatti-harakatni aslo oqlab bo'lmaydi.

Uyg'un G'afurov