Diniy manbalar insoniyat tarixida alohida o‘rin tutadi. Ma’naviy boyliklar orasida muqaddas diniy matnlar insoniyat taraqqiyotining muhim bo‘lagi bo‘lib, ular o‘tmish xalqlarning madaniyati, tili, yozuvi va ijtimoiy hayoti haqida atroflicha ma’lumot beradi.

Dinshunoslikka oid adabiyotlarda “diniy manba” tushunchasi turlicha – “muqaddas manba”, “muqaddas yozuv”, “muqaddas kitob” kabi nomlar bilan yuritiladi. Ular mazmunan, dinlarning ta’limotlari, aqidaviy ko‘rinishlari, an’ana va marosimlarini o‘zida mujassam etgan, qolaversa, dindorlar tomonidan “ilohiy” deb e’tiqod qilinuvchi ta’limotni o‘zida ifoda qiladi.

Dinshunoslikda dinlarning muqaddas manbalarini o‘rganish hamisha muhim vazifa bo‘lib kelgan. Chunki, borliq va inson yaralishi, dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarga munosabat bildirayotgan kishining ijtimoiy-ruhiy holatiga muqaddas manbalardagi xabarlarning ta’sirini o‘rganish dinshunoslikning asosiy tadqiqot mavzularidan hisoblanadi. Mutaxassislar diniy manbalarni o‘rganishda mu’tadil mavqeni saqlagan holda, ushbu manbalarning jamiyat hayotiga ta’sir darajasini aniqlash uchun ko‘proq mazkur dinlarning o‘zida shakllangan bilimlarga murojaat qiladilar.

Insoniyat tarixida din ma’naviy hayotning tarkibiy qismi bo‘lib kelgan. Dunyodagi yirik dinlarda ularning asosiy ta’limotlarini o‘zida mujassam qilgan muqaddas manbalari mavjud. Ushbu muqaddas manbalar mazkur dinga e’tiqod qiluvchilarning hayot tarzini muayyan darajada belgilab bergan.

Uchta jahon dini – buddaviylik, xristianlik, islom dinlarining muqaddas manbalarini o‘rganish asnosida ularning asl mohiyati ezgulikka chaqirishini ko‘rish mumkin. Mazkur manbalarda o‘z aksini topgan yuksak insoniy fazilatlar orasida bag‘rikenglik, o‘zgalarga rahm-shafqat, mehr-oqibat ko‘rsatish alohida o‘rin tutadi. Bu borada buddaviylikning muqaddas manbasi bo‘lmish  Tripitakadagi ba’zi boblar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Xususan, «Metta sutta» bobida aytilishicha, bag‘rikeng, boshqalarga mehr ko‘rsatuvchi kishi quyidagi 11 xislatga erishishi ta’kidlanadi. Ular:

·        sokin uxlaydi;

·        oson uyg‘onadi;

·        yomon tushlar ko‘rmaydi;

·        uni odamlar yaxshi ko‘radi;

·        boshqa mavjudotlar ham yaxshi ko‘radi;

·        ilohiyot himoyasida bo‘ladi;

·        unga olov, qurol va zahar ta’sir qilmaydi;

·        u  fikrini tez jamlay oladi;

·        xushro‘y  bo‘ladi;

·        qiynalmay vafot etadi;

·        ruhi  Braxma dunyosi bilan birlashib ketadi[1].

Islom dini muqaddas manbasi Qur’onda qaysi dinda bo‘lishlaridan qat’i nazar insonlarga yomon munosabatda bo‘lishdan qaytarilgan. Jumladan, «An’om» surasida: «Allohdan o‘zgaga sig‘inadiganlarni so‘kmangiz!...»[2] deya, o‘zga dindagilarning o‘zlarini ham, e’tiqodlarini ham haqorat qilmaslikka buyurilgan. Oyat davomida o‘zga e’tiqod vakillariga adovat nazari bilan qarash ularda ham ezgulik sari o‘zgarish o‘rniga oradagi yomon munosabatlarning avj olishiga va natijada, islom diniga nisbatan ham salbiy munosabatlarning kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanadi.

Shuningdek, Qur’oni karimda boshqa din vakillari bilan yaxshi munosabatda bo‘lish targ‘ib qilinadi: «Dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo‘lishlaringizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatlilarni sevar»[3] deya, yomon niyatda bo‘lmagan insonlar bilan, ular kim yoki qaysi dinda bo‘lishlaridan qat’i nazar, ularga yaxshilik qilish, adolatli munosabatda bo‘lishga chaqiriladi. Rasululloh (s.a.v.) esa, huzurlariga kelgan najronlik xristianlarga misli ko‘rilmagan lutf bilan munosabatda bo‘lganlar. Ularni o‘z masjidlariga tushirib, hatto ibodat qilishlariga ham to‘sqinlik qilmaganlar.

Yana «Rum» surasining 22-oyatida: «Uning oyatlaridan (yana biri) – U zot osmonlar va yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizni xilma-xil qilib qo‘ygandir. Albatta bunda barcha olamlar uchun oyat-ibratlar bordir», deya marhamat qilinadi. Hanafiy mazhabining mashhur tafsirlaridan biri bo‘lgan Imom Nasafiyning «Madorik at-tanzil» asarida mazkur oyat tafsiri xususida insonlarning tillari, so‘zlashuvlarining turfaligi, terilari ranglarining xilma-xilligidan ko‘zlangan hikmat ularning o‘zaro tanishishlari va hamjihat hayot kechirishlari ekani, buning aksi esa har tomonlama ham manfaatlarga zid ekani ta’kidlangan.

Shu bilan birga, islom dinining asosiy manbalaridan yana biri hisoblanmish hadisi sharifda shunday deyiladi: «Imonning afzali sabr va bag‘rikenglikdir»[4]. Imom Daylamiy tomonidan rivoyat qilingan ushbu hadis insonni har qanday mutaassiblikdan qaytaradi va bag‘rikenglikka chaqiradi.

Imom Buxoriyning «Al-adab al-mufrad» asarida Mujohiddan keltirilgan rivoyat bor. Mazkur rivoyatda Abdulloh ibn Amrning o‘zining qo‘y so‘yayotgan xizmatkoriga ishni tugatishi bilan go‘sht tarqatishni yahudiy qo‘shnidan boshlashni buyuradi. Mazkur naqldan qo‘shnilarga ularning dini va millatidan qat’i nazar doimo yaxshi munosabatda bo‘lish lozimligi kelib chiqadi.

Xulosa qilib aytganda, dunyo dinlarining muqaddas manbalarini tadqiq etish kishilik jamiyati tarixi bilan tanishishda, qolaversa, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirishda, xususan, yoshlarni o‘z fikriga ega bo‘lgan holda tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.

 

D.Rahimjonov

Toshkent islom universiteti

Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish YuNESKO

kafedrasi mudiri, t.f.n., dots.

 

[1] Karaniya meta sutta: Do‘stlik 1.8 // www.dhamma.ru

[2] An’om, 108 // Qur’oni karim: ma’nolarining tarjima va tafsiri / Tarjima va tafsir muallifi: Abdulaziz Mansur. – T.: “Toshkent islom universiteti”, 2012. – B. 141.

[3] Mumtahana, 8 // Qur’oni karim: ma’nolarining tarjima va tafsiri / Tarjima va tafsir muallifi: Abdulaziz Mansur. – T.: “Toshkent islom universiteti”, 2012. – B. 550 .

[4] Ming bir hadis. – T. I. / Arabchadan Abdulaziz Mansurov tarjimasi. – T.: O‘zbek maskani, 1991. – 80 b.