O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag'ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo'lib o'tdi

Bugun respublikamiz hududida 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. O'zbekiston Konstitutsiyasi mamlakatimizdagi millatlararo totuvlikni mustahkamlash, barqarorlik va taraqqiyotni ta'minlashning kafolati bo'lib xizmat qilmoqda. Unda mamlakatimizning barcha fuqarolari, o'z millatidan qat'i nazar, O'zbekiston Respublikasi xalqini tashkil etishi qayd etilgan. Konstitutsiya mamlakat hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini, ularning ravnaqi uchun sharoit yaratilishini, fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va e'tiqodidan qat'i nazar, tengligi ta'minlanishini kafolatlaydi. 
Konstitutsiyaning 34-moddasida qayd etilganidek, O'zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar. 58-moddada ko'rsatilishicha, davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta'minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng imkoniyatlar yaratib beradi. 
Ushbu qoidalar milliy madaniy markazlar (MMM) tashkil topishining, faoliyati va rivojlanishining huquqiy asosidir. MMMlar etnomadaniy ehtiyojlarni qondirishga, milliy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga hamda mamlakatda millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ular o'z milliy madaniyatlarini rivojlantirish bilan birga bir-birlari bilan yaqin hamkorlik qilib, 
O'zbekistonda yashayotgan turli millat vakillari orasidagi o'zaro hurmat va ishonchni mustahkamlashga o'zlarining munosib hissalarini qo'shmoqdalar. 
MMMlar va ular ishini muvofiqlashtiruvchi Respublika baynalmilal madaniyat markazi (RBMM) faoliyatining muhim yo'nalishlaridan biri – yoshlar haqida g'amxo'rlik, mamlakatimiz kelajagi bo'lgan barkamol avlodni shakllantirishga hissa qo'shishdan iborat. 
RBMM tomonidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, Fuqarolik jamiyatini o'rganish instituti, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda o'tkazilgan anjuman ishida MMM lar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Kengash raislari – 
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o'rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o'rinbosarlari, MMM lar rahbarlari va faollari, ilmiy jamoatchilik vakillari va talaba yoshlar ishtirok etdilar. 
Anjuman qatnashchilari Konstitutsiya millatlararo munosabatlarning xuquqiy asosi sifatida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar, o'sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalash borasida MMMlar va boshqa jamoat tashkilotlari oldida turgan vazifalarni muhokama qildilar. Yoshlarni millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik, insonparvarlik ruhida tarbiyalash - demokratik huquqiy davlatni 
rivojlantirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga xizmat qilishi ta'kidlandi. 
Anjumanda “Barkamol avlod” yili davlat dasturi doirasidagi tadbirlar, shuningdek, «Biz bir zamin va bir zamon farzandlarimiz” respublika ilmiy-amaliy anjumanlari yakunlari ko'rib chiqildi. 
Respublikamizning barcha viloyatlarida o'tkazilgan ushbu anjumanlarda yoshlar muammolari, o'sib kelayotgan yosh avlodning jamiyat hayotidagi o'rni masalalari muhokama qilindi, jahon xalqlari madaniyatini targ'ib etuvchi ko'rgazma va kontsert dasturlari namoyish etildi. Ushbu tadbirlar millatlararo totuvlikni mustahkamlash, yoshlar ongida milliy va umuminsoniy ma'naviy qadriyatlarga muhabbat uyg'otishga, yagona Vatan - O'zbekistonga nisbatan vatanparvarlik hissini yanada yuksaltirishga yordam berdi. 
Konferentsiya ishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni mas'ul xodimlari va O'zbekiston Respublikasi Bosh Vazirining o'rinbosari E.Bositxonova va bosh jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdilar.