Islom dunyosida Imom al-Buxoriyning mavqei va obro'lari shu qadar balandki, O'zbekistondagi qaysi go'shadan yurtdoshlarimiz kelib chiqmasin, ularni «Buxoriylar» deb atashadi. Saudiya Arabistonida ham ular ko'pchilikni tashkil etadi. Mustaqillik bayrami arafasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari, “Haj-2018“ mavsumining ishchi guruh rahbari Nuriymon Abulhasan tashabbusi bilan Makkai Mukarramada Saudiyaning Makka va Jidda shaharlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan norasmiy uchrashuv tashkil etildi.

Nuriymon Abulhasan avvalo yig'ilganlarni mamlakatimiz mustaqilligining 27 yillik tantanalari munosabati bilan qutlab, ularga samimiy ruhdagi uchrashuv uchun minatdorchilik izhor qildi. Saudiyalik vatandoshlarimiz mustaqillikning qadri, uning ulug' ne'mat ekanligi, istiqlolni ularning hayotidagi ahamiyati yuqori ekanligini ta'kidladilar. Sovet jamiyatida ziddiyatlarga to'la, XX asrning 20-30-yillarida o'zbek millati vakillaridan ming-minglab kishilar xorijiy mamlakatlarga, jumladan Arabistonga chiqib ketishga mahkum bo'lgan.

O'sha paytlarda Saudiya Arabistoniga kelib qolgan o'zbeklarning aksariyati hayotdan ko'z yumgan bo'lsa-da, lekin ota-bobolari yurtni tark qilganlarida asosan kichik yoshlarda bo'lganlar hozirgi kunda ular hayotini davom ettirmoqda.  E'tiborlisi shundaki, Saudiyadagi «Buxoriy»lar o'zbekona milliy urf-odat va an'analarni o'zbek tili va o'zliklarini saqlab qolgan. Ularning farzandlari arab tilida tahsil oladi, lekin oilada va o'zbek jamoalarida o'zbekcha so'zlashadilar. Tadbir davomida ham o'zbekona samimiyat, o'ziga xos kayfiyat sezilib turdi.

Tadbirda ishtirok etgan Arabistonlik yurtdoshimizdan biri padari-buzrukvorlarimiz va volidai-mehribonlarimiz bizlarga: «Hech qachon yurtlaringni, tillaringni unutmanglar, chunki tilni unutgan Vatanni unutadi. Vatanni unutgan esa imonni unutadi»,- deb takidladi.

Qo'mita raisi o'rinbosari Nuriymon Abulhasan: “Hozirgi kunda xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarimizni keng rivojlantirishga Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan hamma imkoniyatlar yaratib berilmoqda, bugun vatanimizning jami eshiklari sizlarga ochiq”, deya ta'kidladi. Shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar, o'zgarishlar, tadbirkorlikni rivojlantirish xususan mamlakatimizda investitsion muhitni yanada yaxshilash borasida misli ko'rilmagan katta o'zgarishlar bo'layotganini ma'lum qildi.

Mazkur yangiliklar ya'ni, O'zbekistonda tadbirkorlar uchun qulay investitsion muhit yaratilganligi tadbir ishtirokchilari tomonidan iliq kutib olindi. Ular o'z vatanlariga sarmoya kiritishdek baxtni yaratib bergan Prezident Sh.Mirziyoevni doimo duo qilishlarini bildirdilar. Tadbirda so'z olgan yana bir Saudiyalik vatandoshimiz tadbir davomidagi mulohazalardan to'lqinlanib: “Garchi besh mahal ibodatimni xaram hududida, ka'ba oldida ado qilsam-da, vatanim sog'inchi mening qalbimni hecham tark etmaydi”, dedi. Albatta ushbu fikrlar bois, hammaning qalbi jumbushga keldi.

Farg'ona viloyati bosh imom xatibi Salimjon Qodirov ham so'z olib, bugun diyorimizda har bir fuqaro diniy bag'rikenglik, vijdon erkinligi tamoyillariga amal qilgan holda emin-erkin yashayotgani, masjidlarimizda yaratilgan sharoitlar, diniy o'quv muassasalaridagi ta'lim sifatidan ko'ngillar charog'on bo'layotganini aytib, yurtdoshlarimizning har yili Haj va Umra ibodatini ado etishlari uchun keng imkoniyat eshiklari ochilgani, joylarda bo'lib o'tgan  Qur'on musobaqasi kabi tadbirlar esa bu boradagi xayrli ishlarning yana bir misoli ekanlini ta'kidladi. 

Uchrashuv yakunida vatandoshlarimiz tomonidan Salimjon Qodirovga  muqaddas Ka'bapo'sh tuhfa qilinib, shu orqali yurtimiz va yurtdoshlarimizga o'zlarining iliq salomlarini izhor qildilar. Tadbirdagi iliq samimiyat uchun vatandoshlarimiz minnatdorlik bildirishdi va bunday uchrashuvlar an'anaga aylantirilib tez orada Toshkentda ham tashkil etilishiga istak bildirdilar.