O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Singapur Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Zulkifli bin Baharuddin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Singapur delegatsiyasi bilan O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik borasidagi tajribasini o‘rganish va Singapur vazirliklari bilan yaqindan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida hamkorlik masalasi muhokama etildi.

Zulkifli bin Baharuddin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda diniy yo‘nalishdagi ilmiy maktablar faoliyat boshlagani, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil etilgani, O‘zbekistonda islom tadqiqotlari va bu sohadagi ilmiy merosni tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida bugungi kunda aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida radikallashuv holatining kamayishi kuzatilayotganini e’tirof etdi.

Shuningdek, muzokara chog‘ida Singapur davlatidan O‘zbekistonga ziyorat turizmi yo‘nalishi bo‘yicha sayyohlar tashrifini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Matbuot xizmati