Hukumatning 2018 yil 31 maydagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizom qabul qilinishi munosabati bilan ilgari amalda bo‘lib kelgan Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 20 iyundagi "O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi qaror o‘z kuchini yo‘qotdi.

Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali qaror bilan nimalar o‘zgarganiga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Ilgari amal qilgan tartibga asosan qonun va ta’sis hujjatlari talablari buzilgan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ (Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari) diniy tashkilotga eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima solishga haqli ekanligi belgilangan edi, yangi qabul qilingan qarorda ushbu narsa nazarda tutilmagan, ya’ni adliya organlaridan diniy tashkilotga jarima solish vakolati olib tashlangan.

Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lanadigan davlat bojlari kamaytirildi.

Endilikda, diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun:

diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari va diniy ta’lim muassasalari uchun — eng kam oylik ish haqining yigirma baravari;

boshqa diniy tashkilotlar uchun — eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida davlat boji undiriladi.

Ilgari bu miqdor diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari va diniy ta’lim muassasalari uchun eng kam oylik ish haqining 100 baravarini, boshqa diniy tashkilotlar uchun esa 50 baravarini tashkil etgan.

Ushbu sohadagi yana bir yangiliklardan biri diniy tashkilot rahbarlari diniy ma’lumotni xorijiy davlatda olgan bo‘lsa diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishda uning nostrifikatsiyalanganligi haqidagi hujjatni ham taqdim etishi lozim. Ilgari bu narsa nazarda tutilmagan edi.

Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishda taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirilgan.

Xususan endilikda quyidagi hujjatlarni topshirish talab etilmaydi:

pul mablag‘lapining tashkil topish manbalari — dalolatnoma-deklaratsiya;

diniy tashkilot nomlanishining hokimlikda ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi.

Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatga ham "yagona darcha" tamoyili joriy etilgan.

Xususan, endilikda diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin STIR va KTUT kodlari adliya organlari tomonidan bir yo‘la tegishli guvohnoma bilan taqdim etiladi.

Ilgari bu hujjatlarni ham diniy tashkilot soliq va statistika organlaridan o‘zlari mustaqil olishi lozim edi.

Ilgari amal qilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma hamda ta’sis hujjatlarining dublikatlarini berishda shuningdek diniy tashkilotni tugatishda taqdim qilinadigan hujjatlarning aniq ro‘yxati belgilanmaganligi amaliyotda muammolarga sabab bo‘layotgan edi. Mazkur kamchiliklar yangi qarorda bartaraf etildi.

Hisobotlar soni ham kamaytirildi. Endilikda diniy tashkilotlar bir yilda bir marta tegishli adliya organiga hisobot taqdim etadi.

Ilgari har chorakda hisobot taqdim etishi lozim edi.

Ma’lumot o‘rnida diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi haqida eslatib o‘tamiz.

Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari va diniy ta’lim muassasalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Adliya vazirligi tomonidan, boshqa diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tegishlicha Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Boshqa diniy tashkilotlar, jumladan masjidlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun quyidagi hujjatlarni topshirish kerak:

diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari bo‘lgan o‘n sakkiz yoshga yetgan yuz nafardan kam bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari imzolagan va notarial tartibda tasdiqlangan ariza;

ta’sis yig‘ilishi bayoni va diniy tashkilot ustavi;

davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi bank to‘lov hujjati;

diniy tashkilot tashabbuskorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

diniy tashkilotning rahbar organi a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumot;

diniy tashkilot rahbarlarining diniy ma’lumoti haqidagi hujjat nusxalari;

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rozilik xati;

diniy tashkilotning yuridik (pochta) manzili to‘g‘risida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining (Qurilish vazirligi, Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining tegishli bo‘linmalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rozilik xati ilova qilingan holda) kafolat xati.

Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ariza bir oylik muddatda ko‘rib chiqiladi.

XS.UZ