2018 yil 12 may kuni Xitoy islom uyushmasi raisi shayx Hasan Yang Fa Ming boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan , UMI raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur va boshqa mutasaddilar kutib olib, o‘zaro fikr almashdilar.

Shayx Abdulaziz Mansur mehmonlarni tashrif bilan qutlab, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish va Islom ma’rifatini keng yoyish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, Diniy idora faoliyati, diniy ta’lim muassasalari, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, joylardagi kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmiy maktablari faoliyati haqida so‘zlab berdi.

Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan bugungi murakkab davrda mo‘min-musulmonlar ahil-inoq bo‘lib yashashlari, dinimizni turli tahdidlardan himoya qilish, ayniqsa, ekstremistik g‘oyalarga qarshi ilmiy-asosli raddiyalar berish zarurligini ta’kidladi.

Xitoy islom uyushmasi raisi shayx Hasan Yang Fa Ming samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, jumladan shunday dedi:

 – Avvalo, barchangizni yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etaman. Ma’lumki, O‘zbekiston va Xitoy xalqlari azaldan ijtimoiy-madaniy, savdo-sotiq masalalarida hamkorlik qilib kelishgan. Buyuk ipak yo‘li orqali ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirilgan ijobiy aloqalar asrlar osha bizni bog‘lab kelmoqda. Hozirda davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlanib borayotgani

 – bizni yanada yaqinlashtirmoqda, bu esa juda quvonarli hol. O‘zbekiston

– Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Moturiy hazratlarini tarbiyalab, Islom olamiga taqdim etgan bebaho zamin ekani ma’lum. Bugun, butun islom olami ular bilan faxrlanishi ham hech kimga sir emas. U o‘z so‘zida davom etib, hozirda Xitoyda istiqomat qilayotgan musulmonlarga hukumat tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar va ularga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar haqida ham to‘xtalib, shunday dedi:

 – Xitoy ko‘p millatli mamlakat bo‘lib, hozirda 50 dan ortiq millat va elat, turli din vakillari istiqomat qilishadi. Xitoyda 30 millionga yaqin musulmon bo‘lib, asosan ularni xuey, uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, tatar, tojik, dunsyan, salar va boan kabi millatlar tashkil etadi. Musulmonlarning deyarli yarmi Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanida yashaydi. Bugungi kunda Xitoyda 30 000 dan ziyod masjid, 10 ta Islom o‘quv bilim yurtlari mavjud.

Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi. Muloqot yakunida mehmonlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.