Moskvadagi jome masjidida "Ipak yo‘li vohalari. Ma’naviy aloqalar an’analari: tarixiy va zamonaviy jihatlar" mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyani Rossiya muftiylar kengashi va Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Rushan Abbyasov kirish so‘zi bilan ochdi.

"Buyuk Ipak yo‘li qadimdan Yevrosiyo qit’asining ko‘plab mamlakat va xalqlarini nafaqat iqtisodiy jihatdan birlashtirgan, balki ma’naviy va madaniy almashuvlar uchun ulkan yo‘l vazifasini ham bajargan. Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan turli xalq va davlatlarning o‘zaro munosabatlari Yevrosiyo makonidagi hamkorlik va integratsiyaning muvaffaqiyatli namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois uning shakllanishini o‘rganish hamda bu jarayonda musulmonlarning roli katta qiziqish uyg‘otadi va bu mazkur mintaqada zamonaviy siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashda foydadan xoli bo‘lmaydi", Rushan Abbyasov.

Tashkilotchilarning qayd etishlaricha, mazkur konferensiya Rossiya muftiylar kengashining Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan keng tarixiy makondagi musulmon ma’naviy merosini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan ilmiy loyihaning davomidir. Konferensiyadan maqsad esa O‘zbekistonning ma’naviy va moddiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan yangi tadqiqotlar bilan tanishtirish bo‘ldi.

Unda Rossiya FA qoshidagi Umumiy tarix, Etnologiya va antropologiya, Sharqshunoslik va boshqa qator yetakchi oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etishdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili, O‘zbekiston FA Tarix instituti, Toshkent Islom universiteti olimlari konferensiyaning maxsus mehmonlari bo‘ldilar.

Konferensiya davomida ishtirokchilar O‘zbekiston tarixi, uni o‘rganish, Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlarining mintaqada tutgan o‘rni haqida chiqishlar qilishdi.
Rossiya FA Sharqshunoslik instituti tadqiqotchisi Snejana Atanovaning sayohatchi Napoleon Ney haqidagi ma’ruzasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. uning aytishicha, sayyoh 1888 yilda o‘n kun Markaziy Osiyoda bo‘lgan va o‘sha davrdagi Samarqand va Buxoro shaharlari haqida qator qiziqarli ma’lumotlar yozib qoldirgan.

Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti Mehmonxona biznesi va turizm instituti direktori Svetlana Dixterning fikricha esa, mintaqadagi mamlakatlar orasida O‘zbekiston turizmni rivojlantirish nuqtai nazaridan eng katta salohiyatga ega hisoblanadi, biroq bu salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayapti.

"Birinchi navbatda ushbu sohada ishlayotgan va ishlaydigan mutaxassislar haqida o‘ylash kerak. Chunki malakali mutaxassislar bo‘lmasa, jozibali tarixiy yodgorliklarning o‘zi bilan turistlar oqimini ko‘paytirishning iloji yo‘q", — dedi u Sputnik muxbiri bilan suhbatda.

Konferensiya yakunlariga ko‘ra ishtirokchilar ma’ruzachilarning chiqishlari bo‘yicha munozara o‘tkazishdi, o‘zaro fikr almashishdi hamda kelgusida uzviy hamkorlik qilishgan kelishib olishdi.

https://sputniknews-uz.com