Sizlar tufayli Muqaddas Islomimiz o‘zga din vakillariga bulg‘ab ko‘rsatildi!

Sizlar tufayli Islom dushmanlari o‘ylagan rejasini bajardi!

Sizlar tufayli Islomni qotillik va razillik dini deb o‘ylaydigan odamlar paydo bo‘ldi!

Sizlarning shar va ofatingiz bilan ariqlar qonga to‘ldi…

Bolalar yetim, ayollar beva, qariyalar qarovsiz qoldi!

Sizlarning qo‘lingiz bilan Payg‘ambarlar, avliyolar, olimlar qabrlari buzildi, masjidlar portlatildi!

Sizlarning qo‘lingiz bilan maktab, madrasalar vayron qilindi!

Sizlar tufayli Islomdan uzoqlashganlar, Islomdan qo‘rqqanlar soni ko‘paydi!

Sizlar tufayli necha-necha zavodlar, ishxonalar yopildi!

Sizlarning shar va ofatingiz bilan butun dunyo musulmonlar ustidan kuldi!

Sizlarning johilligingiz tufayli millionlab odamlar ilm olishdan to‘sildi!

Sizlarning qo‘lingiz bilan qancha-qancha shifoxonalar yopildi, kasal, nogiron, chalajonlar soni ortdi!

Sizlarning tashabbusingiz bilan qancha-qancha oilalar boshpanasiz qoldi!

Siz bor joyda odamlar namoz desa, janoza namozini tushunadigan bo‘lib qoldi!

Suriya, Iroq va boshqa joylarda qilgan ishlaringizni ko‘rib Falastin, Birma musulmonlari qalbi chil-chil bo‘lib ketmadimi?!

Sizlar tufayli musulmonlarga “johillik”, “shafqatsizlik”, “qoloqlik” kabi tamg‘alar qo‘yildi!

Sizlar tufayli to‘y qilish u yoqda tursin, janoza o‘qib, bir mayyitni qabrga qo‘yish ham mushkul bo‘lib qoldi!

Sizlar tufayli musulmonlar boyligi, madaniyati hisobidan qanchadan-qancha dushmanlar cho‘ntagi qappaydi!

Sizlar tufayli qancha-qancha xonadonlarda Qur’on o‘qilmay qoldi!

Sizlar tufayli qancha-qancha maktab, madrasalarda darslar to‘xtab qoldi!

Sizlar tufayli qancha-qancha masjidlar azonsiz, imomsiz, muazzinsiz va jamoatsiz qoldi!

Sizlar tufayli qancha-qancha musulmonlar “kofir” bo‘ldi!

Sizlar tufayli  qancha-qancha yosh bolalar, ayollar va qariyalar suvga cho‘kib, baliqlarga yem bo‘ldi, qolganlari otildi, qul qilib sotildi, qolganlari xor-zor bo‘lib, chegaralarda simlarni ushlagancha o‘zga din vakillari ostonasida mulzam bo‘ldi, oyoqlari shishib ketdi, yelkalari archildi, ko‘z yoshlariga yuvindilar!

Sizlar tufayli odob begonalashdi!

Sizlar tufayli musulmonlar nasli qirildi, musulmonligi uchun! Sizning “iflos” yo‘lingizga yurmagani uchun, sizlarni iymoni, vijdoni tan ololmagani uchun! Qabihligingizni bilib qolgani uchun!.. Ha, sizlar tufayli!

Sizlar tufayli ko‘chalardan odamlar emas, o‘laksaxo‘rlar o‘tadigan bo‘ldi!

Sizlar tufayli qanchadan-qancha musulmonlar kafansiz, janozasiz ko‘mildi, ko‘chalarda jasadlari qolib ketdi!

Sizlar tufayli qancha-qancha odamlar taroveh namozlaridan ham mahrum bo‘ldi, ro‘za tutolmadi, saharlik va iftorlikka yeyish uchun hech vaqo topa olmadi, zakot berolmadi, zakot ololmadi, haj qilolmadi, haj qildirolmadi!.. Eng sharafli ishlardan hisoblangan “mo‘minlar qalbiga xursandchilik kiritish” o‘rniga nima qildingiz!?

Sizlarning shar va ofatingiz sababidan “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir”, degan muborak hadisni eshitib, Qur’onni necha yillar davomida o‘rganayotganlar o‘ldirildi, o‘rganganlar so‘yildi, o‘rgatganlar esa yoqib yuborildi!

Sizlar tufayli musulmonlar uchun hosil berayotgan dalalar cho‘lga aylandi, daraxtlar quridi, suvlar to‘xtadi!.. Ha, sizlar tufayli!

Sizlar tufayli ko‘chalarda yetim bolalar non uvoqlarini terib, axlat titib qorin to‘yg‘azishga majbur bo‘ldi!

Sizlar tufayli nogironlar aravalari ishlab chiqaradigan zavodlar gurkirab ketdi!

Sizlar tufayli qurol chiqaradigan zavodlar ikki barobar ko‘proq ishladi!.. Musulmonlar musulmonlarni o‘ldirishi, yo‘q qilishi uchun qurol ishlab chiqarayotganiga xursand bo‘ldi!

Sizlar tufayli mazlumlar ko‘paydi, duolari yig‘ilib qoldi!!!

Sizlar tufayli insonlar Islom haqida haqiqiy tushunchaga ega bo‘lolmadilar! Chunki siz o‘zingiz qilgan qatlingiz, zulm va iflosligingizni dindan, Islomdan deb bong urdingiz!

Sizlar tufayli musulmonlar uylarida to‘shaklarda uxlash o‘rniga ko‘chada tuproq, loy ustida uxlashga majbur bo‘ldilar, agar ko‘zlariga uyqu kelgan bo‘lsa!

Sizlar tufayli ineternet ham dahshatli tasvirlar, qisqa qilib aytganda, dahshat bilan to‘lib ketdi-ku!

Sizlarning johilligingiz, to‘g‘ri gapni qabul qilmasligingiz tufayli musulmon olimlari yuzi yerga qaradi, sochlariga oq tushdi, kechalari to‘lg‘onadigan, kulolmaydigan bo‘lib qoldi!

Sizlar tufayli Islom “yovuzlik dini”ga aylandi!

Sizlar nafsingizni Islomdan ustun qo‘ydingiz, Qur’oni Karimdan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan ustun qo‘ydingiz! Qiyomatda qanday javob berasiz!?

Sizlar tufayli o‘n to‘rt asrdan beri ilm dini, ma’rifat dini sohiblari “savodsiz” deb tanildi butun dunyoga!

Sizlar tufayli minglab ixtirolar, ixtirochilar yo‘q bo‘lib ketdi, musulmonlar tomonidan qilingan ixtiro “odam o‘ldirish”, “zo‘rlash”, “ozod odamni qul qilib sotish” va shunga o‘xshash narslar bo‘lib qoldi!

Sizlar tufayli musulmonlar masxara qilindi, xor bo‘ldi, ayollari zo‘rlandi, qo‘lida hunari bo‘lganlari ishsiz qoldi yoki yoppasiga mardikorga aylandi!

Sizlar tufayli ilm majlislariga barham berildi, kitob o‘qiydigan shogird, o‘rgatadigan ustoz qolmadi!

Sizlar musulmonlarga nima berdingiz yoki o‘zingizga!? Oxiratga nima olib borasiz?! Nomai a’molingiz musulmonlarni qatl qilish, bolalarni yetim, ayollarni beva, erkaklarni boshi egik qilish va butun bir ummatning yuzini yerga qaratish bilan to‘lib qolmadimikan?!

Sizlar tufayli onalar yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini emizishga ulgurmadi, emizganlari ularni maktabga borishini ko‘rishga, ko‘rganlari bitirishiga, bitirganini ko‘rganlari esa farzandlarining xizmatini ko‘rishga ulgurmadi!

Sizlar na Qur’oni Karim oyatlari, na Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘zlariga quloq tutdingiz. Rahm-shafqat degan narsa qalbingizdan sug‘urib olinganmi yo?!

Sizlar tufayli musulmonlar bir-biridan uzoqlashdi, bir-birini ko‘rgani borishdan mahrum bo‘ldi!

Sizlar tufayli Shayton va uning sheriklari xursand bo‘ldi, musulmonlar o‘rtasiga bo‘linish tushganini ko‘rib zavqlanishdi, kuchga to‘lishdi!

Sizlar tufayli, ha, hammasi sizlar tufayli! Faqat sizlar tufayli!

Ushbu so‘zlarni mulohaza qilib ko‘ring, agar qolgan bo‘lsa, aqlingiz bilan o‘ylab ko‘ring! Qilgan ishingiz musulmonlarga qanchalik naf keltirdi! Qancha inson qalbiga xursandchilik olib kirdi? Qancha odamlar ishingizga rozi bo‘ldi? Qancha odamni qabrga kiritdi? Qancha odamni nogiron qildi? Siz bor joyda qancha odam tirik qoldi o‘zi?

Shu savollarni o‘zingizga berib ko‘ring. Robbingiz huzuriga borishni, Qiyomat kunida har bir qilgan ishingiz, hatto olgan nafasingizdan ham so‘ralishingizni o‘ylab ko‘ring! Qiyomatda qancha yetimlar, bevalar, qariyalar sizning qarshingizda haqqini talab qilishini o‘ylang! Robbingiz ularga haqlarini olib berishini ham aslo unutmang!

A’zamxon ABDURAHMONOV