Ichki ishlar vazirligida diniy masalalar bilan bevosita shug‘ullanadigan mutasaddi tashkilotlar mas’uliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida Vazirlik Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tashabbusi bilan bosh boshqarmaning quyi tizim xodimlari va joylardagi bosh imom-xatiblar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida yurtimizda tinchlikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatimizni har tomonlama kuchaytirishimiz shartligi, shu yo‘nalishda shakllangan tizim samaradorligini yanada oshirish, ayniqsa, diniy masalalar bilan bevosita shug‘ullanadigan mutasaddi tashkilotlar mas’uliyatini yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifasi ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Videoselektor yig‘ilishini Vazirlik Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik O‘.Murodov olib bordi. Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur va Toshkent shahar bosh imom-xatibi A.Tursunovlar ishtirok etishdi.

O‘.Murodov respublikamizda terrorizm va ekstremizm jinoyatlarini oldini olish ishlarida imom-xatiblar rolini kuchaytirish, xodimlarning ekstremistik g‘oyalarga qarshi kurashishlarida asl islom dini haqidagi bilim saviyalarini oshirish, missionerlik, prozelitizm va soxta tariqatchilik bilan kurashishning ma’naviy-ma’rifiy asoslarini yoritishda bosh boshqarma va uning quyi tizimlari hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining joylardagi vakillari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Bu borada ichki ishlar organlarining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish tizimi xodimlari nafaqat bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashuvchilar, balki ularni oldini olish va fuqarolarimizni terrorchi va ekstremistik kuchlar g‘oyalaridan himoya qiluvchilar bo‘lishi lozimligini qayd etdi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov islom dini niqobi ostida qon to‘kayotganlar, asl islom dini mohiyatini tushunmasligini, islom dini hech qachon terrorizm va ekstremizmga yo‘l bermasligini ta’kidlab, bu borada mahalla, ichki ishlar organlari xodimlari va diniy ulamolar hamjihat bo‘lishi, bir yoqadan bosh chiqarib o‘z faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilish lozimligini bildirib, diniy ekstremistik oqimlar a’zosi sifatida ichki ishlar organlarida maxsus ro‘yxatdan chiqarilgan fuqarolarni kelgusida qo‘llab-quvvatlash, ularning nopok yo‘llarga kirib qolishini oldini olish, turli buzg‘unchi kuchlardan himoya qilish bo‘yicha ishlar endi yangi bosqichga chiqqanligini, ular bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish lozimligini qayd etdi.

Bundan tashqari, hozirda noto‘g‘ri oqim va yo‘nalishlarga kirib ketuvchi, to‘g‘ri yo‘ldan aldanuvchi fuqarolar asosan migrantlar orasida sodir bo‘layotganligini inobatga olib, diniy vakillar bilan birgalikda profilaktik suhbatlarni uzoq muddat chet elga chiqib kelgan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan fuqarolar o‘rtasida tashkil qilish lozimligi, fuqarolarga asl islom dini mohiyatini tushuntirishda diniy ulamolarning ommaviy axborot vositalarida chiqishlarini ko‘paytirish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur tomonidan yig‘ilish ishtirokchilariga Qur’oni karimning ba’zi oyatlari tafsiri tushuntirilib, xususan, terrorchi va ekstremistik kuchlar islom dini niqobi ostida Qur’on oyatlarini buzib talqin qilish orqali, o‘z manfaatlari yo‘lida fuqarolarni buzuq e’tiqodga ergashtirayotganliklari aytildi.

Shuningdek, “Hizbut-tahrir” diniy ekstremistik tashkilot tomonidan Qur’oni karimning “Oli Imron” surasi, 103-oyati noto‘g‘ri talqin qilinib, fuqarolar tomonidan oqimga ergashish, jinoyat sodir etish holatlari sodir bo‘lganligini, aslida, oqim vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatlarda, ularga ilmiy islom aqidalarini izohlab, sharhlar va isbotlar keltirilganida o‘z g‘oyalari noto‘g‘ri ekanligini tushunib yetganliklari, ilmiy manbalarga asoslanmagan holda Qur’oni karim oyatlariga tafsirlar berilganligi ta’kidlandi.

Missionerlik va prozelitizm kabi illatlarning tarqalish sabablari ham yig‘ilishda muhokama qilinib, kelgusida bu turdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va ularni oldini olish ishlarida din masalalari bo‘yicha mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan taklif va mulohazalar bayon etildi.

Videoselektor yig‘ilishida buyuk alloma, moturidiya ta’limotining yirik vakili Abu Muin Nasafiy bobomiz bundan ming yil oldin din masalasida adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgani, noto‘g‘ri e’tiqodli shaxslarni ilm ma’rifat bilan e’tiqodini to‘g‘rilagani misol sifatida keltirilib, hozirgi kunda zararli oqimlarga qarshi kurashishda, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish, barcha fuqarolarni ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan diniy ilmlar sohasidagi mo‘’tabar kitoblar mazmunini xalqimizga yetkazish, ayniqsa, ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar sodir bo‘lgan mahallalarda diniy ulamolar bilan birgalikda profilaktik ishlarni tashkil qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish lozimligi qayd etib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Terrorizm

va ekstremizmga qarshi kurashish

bosh boshqarmasi