Joriy yilning 1 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Haj haqida” fatvosi e’lon qilindi. Fatvoda islom dinining beshinchi farzi hisoblangan Haj ziyorati to‘g‘risida so‘z yuritilgan.

Mamlakatimiz va xorijiy internet saytlarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chiqarilgan fatvo chop etilib, keng baxs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Xususan, O‘zbekistondagi “1news.uz”, “daryo.uz”, “nuz.uz”, “podrobno.uz”, shuningdek, xorijiy “islam.ru”, “centralasian.org” internet saytlarida ushbu masalaga fikr bildirilmoqda.

Ayrim saytlarda “O‘zbekistonda haj safariga chiqishni istovchilar uchun talablar qattiqlashtirildi” ma’nosidagi sharh berilmoqda. Shuningdek,  “endilikda Hajga borishni istaganlar... mahallada yoshlar diniy ta’limi bo‘yicha ko‘mak berishi lozim” – deb da’vo qilinmoqda. (daryo.uz)

Ta’kidlash joizki, Fatvoda musulmonlarning hajga borishlari uchun hech qanday qo‘shimcha “qattiq” choralar belgilanmagan. Fatvoda qayd etilgan tavsiyalar hojilarning halollik va poklikda, ma’naviyat va ma’rifatda, savob ishlarda namuna bo‘lishlariga qaratilgan bo‘lib, ushbu tavsiyalar islom shariati talablari, qolaversa, o‘zbek xalqining asrlar osha shakllangan milliy qadriyatlariga asoslanadi.

Shuningdek, Fatvoda haj safariga borish uchun talabgorlar yoshlarga “diniy ta’lim bo‘yicha ko‘mak berishi” emas, balki yoshlar tarbiyasida, ularning turli jinoyatlarga qo‘l urmasliklari uchun jonkuyar bo‘lishlari tavsiya qilingan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Masjidlar bo‘limi  xodimi M.Yuldashev