Ertaga, 15 noyabr kuni Andijon shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzuida diniy soha xodimlarining Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda tadbir tashkilotchilari tomonidan anjumanga puxta tayyorgarlik ishlari viloyatda jadal davom ettirilmoqda.

Ushbu anjumanni o‘tkazishdan asosiy maqsad, O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashda diniy soha xodimlari vazifalarini belgilash, islom dunyosining qo‘lga kiritayotgan so‘nggi yutuqlari, yer yuzining turli burchaklarida ro‘y berayotgan beqaror vaziyatlarning asl mohiyati va mudhish oqibatlarini muhokama etish, aqidaparast oqimlar tomonidan fitna chiqarish, islom ta’limotini buzib talqin qilish kabi oqibati og‘ir bo‘lgan xatti-harakatlarni fosh etish hamda ahillik va bag‘rikenglikka undovchi g‘oyalarni jamiyatda keng yoyishdan iboratdir.

Har bir diniy xodim mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqimiz hayoti, odamlarimiz ongu tafakkurida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni qalban his etgan holda keng xalq ommasiga tushuntirib borishi, Vatan kelajagi uchun yurakdan qayg‘urishi, ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir etadigan illatlardan xalqimizni astoydil himoya qilishi borasida jonbozlik ko‘rsatish borasida anjumanda so‘z yuritilishi belgilangan.

Bu yilgi anjuman oldingilaridan farqli ularoq qo‘shni davlatlar Qirg‘iziston Respublikasi musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maksatbek Toktamushev va Qozog‘iston Respublikasi Janubiy Qozog‘iston viloyati Bosh imom-xatibi Karimbek Ahmadjon rahbarliklaridagi diniy ulamolar ishtirok etadi. Ushbu ulamolar bilan hamkorlik rishtalarimizni yangi pog‘onaga ko‘tarish masalalari kelishib olinadi.

Bizni kuzatishda davom eting, anjuman ishi to‘g‘risidagi xabarlar, intervyular, suhbatlar, foto va videolavhalarni o‘z vaqtida diniy idoraning muslim.uz sayti, telegram, instagram va feysbukdagi @muslimuzportal va yutubdagi kanal orqali namoyish etib boriladi. 

 

 

Matbuot xizmati