Kecha Samarqand shahrida BMT shafeligida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya ish boshladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surilgan hamda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha muhim amaliy qadamlardan biri bo‘lgan mazkur yirik xalqaro tadbirda 500 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari, MDH, Yevropa, Osiyo hamda Amerika davlatlarining nufuzli rasmiy delegatsiyalari, BMT, YeI, YeXHT, ShHT, MDH, YeTTB kabi 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar rahbariyati, 100 ga yaqin taniqli xalqaro ekspertlar va yetakchi xorijiy OAV xodimlari, shuningdek, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari qatnashmoqda.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda osoyishtalik hamda barqaror taraqqiyotga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan faol tashqi siyosat, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasidagi muhim vazifalar haqida to‘xtalib, qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.

Anjumanda, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaati namoyish etildi. BMT rahbari anjuman ahamiyati haqida alohida to‘xtalib, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lidagi tashabbuslarda BMT tuzilmalari faol ishtirok etishini ta’kidladi.

Markaziy Osiyoni osoyishtalik, barqaror taraqqiyot hamda yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylantirish Yurtboshimiz tomonidan O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan. Bu 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Chunonchi, ushbu dasturilamal hujjatda O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik, ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish yaqin istiqboldagi ustuvor vazifa sifatida mustahkamlangan. Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy topgan Markaziy Osiyo — O‘zbekiston intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir.

Markaziy Osiyo mamlakatlari jug‘rofiy hamda geosiyosiy jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lib qolmasdan, balki yagona madaniyat va sivilizatsiya makoni hamdir. Bu yerda isti-qomat qiluvchi xalqlarni umumiy ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, mushtarak an’ana va urf-odatlar, yagona tarix bog‘lab turadi. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan mintaqa ming yillar davomida dunyo madaniyatlari, tillari hamda dinlari muloqotiga zamin bo‘lgan.

O‘zbekiston bugun yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik tamoyillariga tayangan holda faol va pragmatik siyosat olib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi tufayli mintaqa mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalari jadal sur’atlarda rivojlanib borayapti.

Yurtboshimizning qo‘shni mamlakatlarga amalga oshirgan davlat va amaliy tashriflari davomida, shuningdek, turli xalqaro sammitlar doirasida qo‘shni mamlakatlar rahbarlari bilan muntazam ravishda o‘tkazib kelayotgan muloqotlari samarasi o‘laroq, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida Markaziy Osiyoda prinsipial jihatdan mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratildi. Strategik sherik davlatlar safi kengaydi.

O‘zbekiston mintaqa mamlakatlari bilan eng nozik masalalar yechimida, ayniqsa, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish borasida pragmatik yondashib, tarixiy kelishuvlarga erishmoqda. Misol uchun, o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining qariyb 85 foizi bo‘yicha shartnoma imzolandi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, tomonlar o‘z siyosiy irodasini, o‘zaro maqbul qarorlar qabul qilishga tayyorligini namoyon etgani bois uzoq muddat davomida birinchi marta ushbu g‘oyat nozik masala bo‘yicha oldinga siljish yuz berdi.

Qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralardagi nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklanishi natijasida aholi emin-erkin harakatlanishi uchun yengilliklar yaratilayapti. Bu esa odamlarning qo‘shni davlatlardagi yaqinlari, qarindosh-urug‘lari bilan bordi-keldi aloqalari yo‘lga qo‘yilishiga, yana bir muhim jihati, o‘zaro savdo-sotiqning rivojlanishiga xizmat qilayapti.

Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarida ham faol o‘sish sur’atlari qayd etilmoqda. Xususan, joriy yilning mart oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari ishtirokida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan biznes forumida umumiy qiymati qariyb 1 milliard AQSh dollariga teng savdo shartnomalari hamda investitsiyaviy bitimlar imzolandi. Mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard AQSh dollarigacha yetkazish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olingan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamkorlik munosabatlarida ham iqtisodiy sohada yangi marralar qo‘lga kiritilmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2016 yil oxiriga kelib 23 foiz o‘sgan holda, 167,5 million AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich qariyb 70 foiz oshib, 112 million AQSh dollarini tashkil qildi. Oliy darajadagi uchrashuvlarda mazkur ko‘rsatkichni yaqin yillarda 500 million dollarga yetkazish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

O‘zbekiston hamda Turkmaniston kompaniya va korxonalari qiymati 200 million dollardan ziyod qo‘shma tashqi savdo shartnoma hamda bitimlarni amalga oshirmoqda. Turkmanobod — Forob avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari ochilgach, mamlakatlarimiz o‘rtasida tranzit tashishlar hajmi sezilarli darajada ko‘paydi. O‘zbekistonning faqat temir yo‘l orqali Turkmaniston hududidan o‘tgan eksport yuklari hajmi 25 foiz oshdi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarida ham yangi davr boshlandi. Joriy yil aprel oyida Dushanbe shahrida O‘zbekiston sanoat korxonalari mahsulotlari milliy ko‘rgazmasi hamda ikki davlat ishbilarmonlari biznes forumi tashkil etildi. Iyun oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Tojikistonga tashrifi chog‘ida Dushanbe shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi. Shu yil oktyabr oyida esa Tojikiston Respublikasi milliy mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi o‘tkazildi. Bularning barchasi mintaqada yangi iqtisodiy muhit shakllanayotganidan dalolatdir.

Qayd etilganidek, Markaziy Osiyo energetika va tabiiy resurslarga boy, qulay transport-kommunikatsiya imkoniyatlariga ega mintaqa hisoblanadi. O‘zbekistonda transport-infratuzilma kommunikatsiyalarini rivojlantirish, tranzit yo‘laklari tizimini yaratish, mavjud yirik xalqaro hamda istiqbolli bozorlarga olib chiqadigan yangi va samarali yo‘nalishlarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilayapti. O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temir yo‘lining qurilishi mintaqa mamlakatlari uchun ulkan iqtisodiy imkoniyatlar ochadi.

Prezidentimiz Shanxay hamkorlik tashkilotining Ostona sammitida Markaziy Osiyoda transport tashuvlarini boshqarishning o‘zaro bog‘langan tizimini yaratish taklifini bildirdi. Bu taklif o‘zaro transport tariflari, yagona bojxona va boshqa tartib-taomillar, yuk tashish xavfsizligining birxillashtirilgan qoidalari, transport vositalari hamda yuklari harakatlanishi axborot ta’minoti tizimining huquqiy va institutsional asoslarini ishlab chiqishni ko‘zda tutadi. Mazkur tizim iqtisodiy o‘sishga, yuklarning ishlab chiqaruvchidan iste’molchiga yetkazib berilishini tezlashtirish hamda arzonlashtirishga olib keladi.

Qo‘shni mamlakatlar chegaradosh hududlari darajasida aloqalar kengayib borayotgani, xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan faol foydalanilayotgani ham mintaqa davlatlari munosabatlarini mazmunan boyitmoqda. Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga alohida urg‘u berilib, parlamentlararo do‘stlik guruhlari shakllantirilmoqda.

Anjumanda bugungi zamonaviy shart-sharoitlarda Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash bilan bog‘liq dolzarb masalalarni hal qilishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi. Terrorizm va ekstremizm xavfi tarqalishining oldini olish, giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishi, noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi, uyushgan jinoyatchilik, odam savdosiga qarshi kurashish hamda axborot sohasidagi tahdidlarga barham berish ana shular jumlasidandir.

Forum qatnashchilari Markaziy Osiyo xavfsizligi global xavfsizlikning ajralmas qismi ekanligini alohida qayd etishdi. Mintaqa mamlakatlari yangi tahdid va xavflarning oldini olish, shuningdek, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda yaqindan hamkorlik o‘rnatishi maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari suv-energetika resurslaridan mintaqaning barcha davlati manfaatlarini hisobga olgan holda, oqilona foydalanish bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.

Anjumanda yosh avlod vakillarining turli terroristik hamda radikal tashkilotlar ta’siriga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha birgalikda aniq chora-tadbirlarni -ishlab chiqish va qabul qilish zarurligi qayd etildi. Bu borada yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, ularni komil inson qilib voyaga yetkazish, yigit-qizlarning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi hamkorlikni rivojlantirish lozim.

Xalqaro konferensiyada BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini, Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdrahmonov, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov nutq so‘zladi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Tomas Greminger, Turkiya Respublikasi iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif, Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy, BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Jihan Sultanoglu, ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Pankin, Hindiston davlat tashqi ishlar vaziri Vijay Kumar Singx, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German va boshqalar so‘zga chiqdi.

Konferensiyaning birinchi kunida “Mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash”, “Suvdan foydalanish va ekologiya sohasidagi hamkorlik” mavzularida shu’ba majlislari o‘tkazildi. Mamlakatimiz hamda xorijlik olimlar, nufuzli ekspert-larning tahliliy ma’ruzalari eshitildi va muhokama qilindi.

Forum 11 noyabr kuni o‘z ishini davom ettiradi. Uning doirasida “Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” hamda “Barqaror taraqqiyotga tahdidlarga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ko‘magi” mavzularida shu’ba majlislari bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro konferensiya yakuni bo‘yicha kommyunike qabul qilinishi rejalashtirilgan.

 

* * *

So‘z — ishtirokchilarga

Miroslav YeNChA,

BMT Bosh kotibining

siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi:

— Ushbu nufuzli konferensiyaning Samarqandda o‘tkazilayotganida ramziy ma’no bor. Bu azim shahar Markaziy Osiyoning o‘tmishi va umumiy kelajagini o‘zida namoyon etadi.

Bugun ko‘p tomonlama hamkorlik har qachongidan ko‘ra dolzarb ahamiyatga ega. Chunki terrorizm, radikalizm, iqlim o‘zgarishlari, migratsiya kabi qator muammolar global xavfsizlikka tahdid solmoqda. Shunday ekan, ularni bir mamlakat yolg‘iz hal eta olmaydi. Bunda hamjihatlik juda muhim sanaladi.

Mazkur xalqaro anjuman mintaqaviy hamkorlikka yangicha mazmun bag‘ishlaydigan imkoniyat ekanligi bilan ham ahamiyatlidir. Mintaqa davlatlari munosabatlari ravnaqidagi yangi bosqich xalqaro tashkilotlar uchun mayoq vazifasini o‘tasa, ajab emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z nutqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini ilgari surdi. Ushbu mintaqadagi barqarorlik hamda taraqqiyot barcha uchun dolzarbdir. Shuning uchun ham BMT ushbu yo‘nalishda yordam berishga tayyorligini ta’kidlamoqchiman. Biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga faqat birgalikda erishamiz.

Sergey LEBEDEV,

MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotibi:

— Bugungi zamonda barqaror taraqqiyot hamda xavfsizlik tushunchalarini ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Samarqand konferensiyasi kun tartibidagi masalalar ushbu dolzarb vazifalarga yechim topishda ayni muddao bo‘ldi. Forum, haqiqatan ham, dolzarb va o‘z vaqtida tashkil etilgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchilari sanaladi. MDH doirasida biz iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratamiz. Markaziy Osiyo davlatlarida ulkan o‘zgarishlar jarayoni kechmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand konferensiyasida mintaqada hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbuslarni bildirdi. Ishonchim komilki, xalqaro anjumanda qayd etilgan fikr va takliflar kelgusida Markaziy Osiyoni yanada barqaror, yanada osuda hududga aylantirishga xizmat qiladi.

Frederik STARR,

Amerika tashqi siyosat kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi:

— Markaziy Osiyoda xavfsizlik hamda barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan xalqaro konferensiyani mintaqa uchun ham, O‘zbekiston uchun ham tarixiy voqea, deb atagan bo‘lardim. Ushbu yirik tadbirda hududdagi barcha davlat, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashayotgani ham Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari tufayli mamlakatingiz Markaziy Osiyoning birlashtiruvchi markaziga aylanayotganidan dalolat beradi. Forum yaqin qo‘shnichilik, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bu sa’y-harakatlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi muqarrar.

Paolo ALLI,

NATO Parlament assambleyasi prezidenti:

— Barqarorlik va xavfsizlik har bir davlat taraqqiyotining, iqtisodiyoti investitsiyaviy jozibadorligining hal qiluvchi omillari hisoblanadi. Shuning uchun ham Samarqand konferensiyasi dunyoda tobora nufuzi oshib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida taraqqiyotga erishish, xavfsizlik hamda hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Ayni jihatdan aytganda, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim davlatlaridan biri sifatida mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarda -bunyodkorlik g‘oyalari bilan yaqqol ajralib turibdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan takliflar nafaqat mintaqa, balki dunyo jamoatchiligi tomonidan ham ijobiy qabul qilinmoqda. O‘ylaymizki, bu tashabbuslar Markaziy Osiyoda yangi muhitni yarata oladi.

Qobil XIDIROV,

«Xalq so‘zi» muxbiri.