O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi xorijiy mamlakatlarning siyosiy va ekspertlar doiralari o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Mazkur mavzu yuzasidan Yevropa parlamentining Italiyadan deputati, Yevroparlamentning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha -delegatsiyasi a’zosi Fulvio Martushello “Jahon” axborot agentligi muxbiriga fikr-mulohazalarini bildirarkan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning yuksak minbardan turib, O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi islohotlarga hamda xalqaro nohukumat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qat’iyan sodiqligi haqida bergan bayonoti katta e’tiborga sazovor ekanligini ta’kidladi.

— Prezidentning mamlakatda xalq hokimiyati kuch-qudratini oshiradigan mexanizmlarni mustahkamlash bo‘yicha qat’iyligini bayon qilgani ham ushbu nutqning muhim qirrasi hisoblanadi, — dedi Yevroparlament deputati. — Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuskorligida siyosiy, demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni hayotga tatbiq etmoqda. Ular hozirgi kunlarning o‘zidayoq Yevropa siyosiy doiralarida O‘zbekistonning ijobiy imidjini sezilarli darajada mustahkamladi.

Filippo Kosta Buranelli, Sent-Endryusa universiteti (Buyuk Britaniya) huzuridagi Xalqaro munosabatlar maktabi professori:

— O‘zbekiston yetakchisining mazkur nutqi respublikada yangi siyosiy yo‘lni mustahkamlashga bo‘lgan intilish sidqidildan ekanligini tasdiqlaydi. Xususan, mamlakatning kundalik hayotidagi ayrim ijtimoiy-iqtisodiy kamchiliklar ochiqlik hamda haqqoniylik yordamida muhokama qilinayotgani xalqaro miqyosda e’tiborga sazovordir. Chunki bu Markaziy Osiyo mamlakatlari diplomatiyasida muhim yangilik bo‘ldi.

Xalqaro institutlar, shu jumladan, yirik moliyaviy muassasalar bilan uzviy muloqotning yo‘lga qo‘yilgani respublikaning jahon iqtisodiyoti bilan uyg‘unlikda rivojlanishiga va yanada farovonlikka erishishiga imkoniyat yaratadi. Xavfsizlik yopiqlik bilan tenglashtirilmasligini, barqarorlik esa iqtisodiy hamkorlik, liberallashuv hamda fuqarolarning asosiy va siyosiy huquqlariga hurmat bilan birgalikda ta’minlanishi mumkin hamda lozimligini namoyon etmoqda.

Per Shabal, Gavr universiteti professori (Fransiya):

— Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga “chetdan turib” nazar tashlagani holda, voqelikka xolis va global nuqtai nazardan yondashishga qodir ekanligini tasdiqladi. O‘zbekiston yetakchisi Toshkentning mintaqa hamda jahon ahamiyatiga molik va xalqaro tashkilotlar ishlarida faol qatnashishga tayyor ekanligini namoyish qilmoqda.

Daniyel Ponse Alegre, jurnalist, terrorizm bo‘yicha ekspert (Ispaniya):

— Bugungi kunda O‘zbekiston o‘zining mintaqadagi hamda xalqaro miqyosdagi o‘rnini mustahkamlamoqda. O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining so‘nggi sessiyasidagi nutqi buning yaqqol tasdig‘idir.

Afsuski, arab jamiyatining muayyan qismida hamon islom dini haqidagi noto‘g‘ri fikr-mulohazalar hukmron bo‘lib turibdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston yetakchisining jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazish eng muhim vazifa ekanligi to‘g‘risidagi chaqirig‘i hozirgi paytda juda dolzarbdir. Ishonchim komilki, Toshkentda tashkil etiladigan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati hammamiz uchun olihimmatlik hisoblanadigan bu ishga o‘z hissasini qo‘shadi.

Stanislav Pritchin, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining tahlil guruhi rahbari:

— O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning asosiy mohiyati “Inson manfaatlari hamma narsadan ustundir” degan tamoyil bilan izohlanadi. 2017 yil O‘zbekistonda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan. Shuni alohida qayd etish kerakki, e’lon qilingan bu siyosiy shior ortidan jamiyat hamda hukumat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning mexanizmlarini yaratish yuzasidan butunlay aniq-ravshan ishlar hayotga tatbiq etilmoqda. Hamma joyda Prezidentning virtual va Xalq qabulxonalaridan faol foydalanilayapti.

Toshkent bir yil ichida Markaziy Osiyo bo‘yicha qo‘shnilar bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bobidagi yondashuvda katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi, deb aytsak, sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, qo‘shnilar bilan muloqotda mutlaqo yangi sahifa ochildi. Bunday aloqalar allaqachon Qozog‘iston hamda Turkmaniston bilan o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sishida, Qirg‘iziston bilan chegaralarni delimitatsiya qilish yuzasidan muzokaralar jarayonidagi kelishuvlarda o‘z natijalarini bermoqda.

Fumio Isoda, Nagoya universiteti vitse-prezidenti (Yaponiya):

— Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqida ta’limning muhimligi va zamonaviy kadrlar tayyorlash uchun zarur sharoitlarni yaratish masalasi ham tilga olingan. Darhaqiqat, dunyo shitob bilan o‘zgarayotgan, barqarorlikka yangidan-yangi xavf-xatar hamda tahdidlar paydo bo‘layotgan hozirgi sharoitda ma’rifat masalasini tushunish juda muhimdir. Aynan ana shu yo‘nalish xalqlar farovonligining kaliti bo‘lib, u insoniyatni tinchlik, ezgulik va bag‘rikenglikka yetaklaydi.

«Jahon» AA.