Bugun 13 iyun kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 205 nafardan iborat dastlabki (2 nafar ishchi guruhi, 1 nafar oshpaz, 1 nafar shifokor) guruhi “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining zamonaviy avialaynerida Saudiya Arabistoni Podshohligiga umra amallarini bajarish uchun uchib ketdilar.

Joriy yilning 13 iyun kunidan 29 iyun kuniga qadar o‘zbekistonlik fuqarolarni umra ziyoratiga kuzatish va kutib olish rejalashtirilgan.

Ramazongi umra ziyoratida jami 672 nafar fuqarolarimizning Toshkent – Jidda – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 3 ta charter reysida safarlari tashkil etiladi.

Ramazon mavsumida ziyorat 10 kunni tashkil etadi. Ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makkada esa 7 kun bo‘ladilar. Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 4 nafar ishchi guruhi, 13 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 3 nafar shifokor va 2 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.

Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarda meningit va grippga qarshi zardob bilan emlandi. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ziyoratchilarga safar oldidan davlat ramzlari tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Umra” qo‘llanmasi va videotasmalar taqdim etildi.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida “Masjidi nabaviy”dan 100-150 metr masofada joylashgan to‘rt yulduzli “Nur al-Mavadda” mehmonxonasi, Makka shahrida esa “Xaram masjidi”dan 500-550 metr uzoqlikdagi “Abroj al-Meridian” mehmonxonasi tayyorlab qo‘yilgan.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kecha - 4 kunduz bo‘lib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgandan so‘ng Makka shahriga yo‘l oladilar.

Ziyoratchilarni Saudiya Arabistoni Podshohligida kutib olish, kuzatish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish ishlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhi hamda O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha attashesi hamkorligida tashkil etiladi.

 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Xalqaro aloqalar bo‘limi