Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hududda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, odamlarni turli diniy oqimlar ta’siridan asrash to‘g‘risida o‘z fikrini bildirib o‘tdi. Prezidentning yig‘ilishda so‘zlagan nutqi «Axborot» informatsion dasturida olib ko‘rsatildi.

«Biz, umuman, ko‘p joylarda jaholatga qarshi ma’rifat tashabbusi bilan chiqayapmiz. Islomni o‘rgatish, o‘rganishni targ‘ib qilayapmiz. Islom — nurli hayot, degani.Islomni ro‘kach qilib, terrorchi bo‘lish, boshqa oqimlarga kirish andijonliklarga ham, o‘zbekistonliklarga ham yarashmaydi.

Shuning uchun biz — mana, muftiy hazratlari o‘tiribdi, bizning vakillar o‘tiribdi —ularni o‘tgan gal Shoyxontohur tumanida majlisga chaqirib, 24 ta mahalla imom xatiblarini taklif qildim. To‘g‘ri tushunsin. Hozir vaqt keldi. Boshqa oqimga kirsa, mening bolam emas, qo‘shnining bolasi, boshqa tumannning bolasi deymiz. Yoki boshqa viloyat bolasi, deymiz. U O‘zbekiston fuqarosi-ku?!

Bugun Andijon din peshvolariga qattiq savol qo‘ymoqchiman. Agar beshta mahallada 20–30 nafar kishi (diniy yo‘lda — tah.) adashgan  bo‘lsa, misol uchun, hisob-kitobi bor. Yigirmatadan beshtasi ashaddiy, ular qaytmaydi. Ular bilan shug‘ullanish kerak emas, O‘zbekiston fuqaroligidan chiqarish kerak. Bizga kerak emas. Men (ularni fuqarolikdan) chiqarishga tayyorman.

Endi oqni oq, qorani qora, deydigan vaqt keldi. Kimgadir yoqmasa, kim agar ikkita stulda o‘tiraman desa, unaqa mulla bizga kerak emas. Davlat — davlatchiligini qiladi. Qonun ustuvorligini ta’minlashga, Xudoga shukur, mening qurbim ham, bilimim ham, imkoniyatim ham yetadi.

Murojaat qilmoqchiman: har bir odamning yuragida, vijdonida e’tiqodi bo‘lishi kerak. Agar e’tiqodiga munosib bo‘lib Vataniga xizmat qilsa, u vatanparvar bo‘ladi. Agar u e’tiqodsiz bo‘lib, chalasavod bo‘lib, xiyonat qilib, ikkita stulda o‘tirsa, u davlat ketib, bu davlat kelsa, «akromiylar» kelsa, ularning nayrangiga o‘ynayman desa, unaqalar menga o‘tmaydi. 

Agar ertangi kunda tinchlik kerak bo‘lsa, o‘sha ashaddiysini O‘zbekiston fuqaroligidan chiqarishga menga taklif beradi, adashganlarni ilmi bilan, bilimi bilan, e’tiqodi bilan, hayotdagi namunasi bilan bu ko‘chaga o‘tkaziladi. Yo aytadi: “O‘rtoq tuman hokimi, bunga joy ber, yer ber, hovli ber. O‘zi asli ajabtovur odam ekan, sening noinsofliging uchun, adolatsizliging uchun shunday bo‘lib yuribdi”. 

Uyam to‘g‘ri. Bizdayam xato bor. Ijro organlaridayam xato bor. Ikkinchidan, men oxirgi marta Shayxontohur tumanidagi gapimni eshitgan bo‘lsanglar, bitta adashganning beshta qarindoshi bor. Biz o‘sha beshta qarindoshiniyam ashaddiy dushman qilib qo‘yganmiz: to‘yga chaqirmaymiz, marosimga chaqirmaymiz. U falonchining akasi, o‘g‘li deb aytamiz. «Chaqirma uni», deydi. Ularda nima ayb? Ularda nima ayb?! 

Uni (adashgan insonni) do‘st qilishimiz kerak, uni chaqirishimiz kerak. Uni ma’rifatga chaqirishimiz kerak. Zora u naryog‘da yurganga ta’sir qila olsa. Ana shuni ko‘ndalang qo‘yadigan soati keldi».

kun.UZ