Mamlakatimizda “Haj” va “Umra” ziyoratlarining tashkil etilishi

Ma'lumki, muqaddas dinimizning beshta farzi bo'lib, uning so'nggisi Hajdir. Hajni niyat qilgan inson islom dinining qolgan to'rt farzini ado etayotgan bo'lishi, iqtisodiy tomondan yaxshi ta'minlangan bo'lishi, umuman olganda ham ruhan ham ma'nan sog'lom bo'lishi lozim.
O'zbekiston mustaqillikka erishgandan so'ng dinga bo'lgan e'tibor butkul ijobiy tomonga o'zgardi. Buyuk allomalarimizning boy ma'naviy me'rosi o'rganilib, ularning qadamjolari tiklandi. Xalqimiz diniy rasm-rusumlarni emin erkin bajarishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan Haj va Umra masalalarida ham fuqarolarimizga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Fuqarolarimizning vijdon erkinligi va diniy e'tiqodga bo'lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash hamda “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish bilan bog'liq tadbirlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida talay qaror va farmonlar qabul qilindi.
Jumladan, 2006 yil 28 avgustda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Har yilgi “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish masalalari bo'yicha jamoatchilik kengashini tashkil etish to'g'risida”gi PF-3793-son Farmoni e'lon qilindi. Jamoatchilik kengashi haj va umra tadbirlarini tashkil etish va fuqarolarimizning o'z iboodatlarini emin-erkin bajarib kelishlarida mamlakatimizda va xorijda barcha sharoitlarni yaratib beradi.
Shuningdek, 2008 yil 20 mayda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Haj” va “Umra” tadbirlarini ado etuvchi dindorlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-869-son qaroriga muvofiq O'zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi (Saudiya Arabistoni) Bosh konsulxonaning “Haj” va “Umra” ishlari bo'yicha attashesi lavozimi tashkil etildi. Attashe Saudiya Arabistonida “Haj” va “Umra” tadbirlariga borgan fuqarolarning tadbirlarni to'liq bajarishlariga amaliy yordam ko'rsatadi.
Hozirgi kunda Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj ishlari vazirligi tomonidan O'zbekistonning haj va umra tadbirlarini tashkil etishi va uni o'tkazishi rivojlangan yirik davlatlar safida ekanligi e'tirof etilmoqda. Jumladan, 2015 yilgi 18 sentyabr` kuni o'zbekistonlik ishchi guruhi a'zolarining faoliyati Turkiya, Evropa, Amerika va Avstraliya hojilariga xizmat ko'rsatuvchi muassasa tomonidan maxsus faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish masalalari bo'yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan 2013 yil 6 fevral` kunida qabul qilgan “Tartib” safarga borish tartiblarini belgilab beradi.
Mazkur tartibga ko'ra Haj va Umra safarlariga bormoqchi bo'lgan fuqarolar hujjatlarini qabul qilish quyidagicha amalga oshiriladi:
-“Haj” va “Umra” ziyoratlariga borish uchun arizachi doimiy yashash joyidagi fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organiga ariza hamda pasporti nusxasini taqdim etishi lozim.
- Fuqarolarning “Haj” va “Umra” tadbirlariga borish uchun arizasi ularning doimiy yashash joylaridagi fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tomonidan yil davomida qabul qilinib, navbatga qo'yib boriladi.
- Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi arizani qabul qilib olgandan so'ng arizachiga ro'yxatda turganligini aks ettiruvchi ma'lumotnoma taqdim qiladi.
- Ro'yxat bo'yicha navbati kelgan fuqarolar tashkiliy guruh tomonidan chaqirtiriladi va hujjatlari rasmiylashtiriladi.
- “Haj” va “Umra” tadbirlariga borish uchun ro'yxatda turgan fuqaroning o'z navbati kelganda muayyan sabablarga ko'ra ziyoratga borish imkoni bo'lmasa, u ariza bilan navbatini keyingi yilga orqaga surishi mumkin.
- Ikki yildan so'ng ham fuqaroning muayyan sabablarga ko'ra ziyoratga borish imkoni bo'lmasa uning navbati bekor qilinadi.
- Fuqaroning navbati bekor qilinganda uning o'rniga navbatda undan keyin turgan fuqaro ziyoratga borish huquqiga ega bo'ladi hamda bu haqda ziyoratga borish huquqiga ega bo'lgan fuqaro xabardor qilinadi.
- Navbati bekor qilingan fuqarolar “Haj” va “Umra” tadbirlariga borish uchun belgilangan tartibda ro'yxatga qaytadan yoziladi.
- Navbatda turgan fuqarolarning o'z navbatini o'zaro almashtirishiga yoki uni  ro'yxatda turmagan fuqarolarga berishiga yo'l qo'yilmaydi.
- Tashkiliy guruhlar tegishli yilda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tomonidan “Haj” va “Umra” tadbirlariga boradigan ziyoratchilar ro'yxatiga kiritilgan fuqarolardan o'zlari hisobda turgan tibbiyot muassasalaridan salomatligi, ziyoratga borishga qodir ekanligi haqidagi ma'lumotnomani va rangli fotosuratlarini qabul qilib oladi.
Tegishli yilda “Haj” va “Umra” ziyoratlariga boradigan fuqarolar ro'yxatini shakllantirishda quyidagi qo'shimcha shartlar mavjud.
Jumladan, muqaddas safarga mumkin qadar ko'proq fuqarolarimizning borishlarini ta'minlash maqsadida “Haj” safariga bormoqchi bo'lgan fuqaro so'nggi besh yil mobaynida “Haj”ga, “Umra” ziyoratiga bormoqchi bo'lgan fuqaro esa oxirgi ikki yil mobaynida “Umra” yoki “Haj”ga bormagan bo'lishi sharti kiritilgan.
Shuningdek, islom dini ta'limoti talablariga ko'ra, “Haj” va “Umra” ziyoratlariga bormoqchi bo'lgan fuqarolar voyaga yetgan bo'lishi va 45 yoshgacha bo'lgan ayollar uchun mahramlari (eri, otasi, o'g'li, akasi, ukasi va h.k.)ning ham birga borishi hamda mahram ekanligini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tug'ilganlik haqida guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma) nusxasi taqdim etilishi lozim.
Ziyoratchilarning safar to'lovlari, chet elga chiqish uchun Saudiya Arabistoni vizasini rasmiylashtirish, tibbiy ko'rikdan o'tkazish hamda safar oldi mashg'ulotlarini o'tkazish kabi barcha ishlar “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish masalalari bo'yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Ta'kidlash joizki, bugungi kunda ko'pchilik yoshi ulug'larimiz tomonidan yoshlarini, kasalliklarini, nogironliklarini e'tiborga olib navbatdan tashqari haj yoki umra safarlariga jo'natishni so'rab murojaatlar kelib tushmoqda.
Nogironlarga, mehnat va urush faxriylariga, Vatanimizni himoya qilishdagi fidokorona xizmat ko'rsatgan fuqarolarga hukumatimiz tomonidan turli imtiyozlar yaratib beriladi. Ammo, haj va umra ziyoratlari sof diniy amal bo'lganligi hamda hozirda navbatda turganlarning aksariyatini yoshi ulug'lar tashkil etayotganini e'tiborga olib navbatdan tashqari safarga yuborish nazarda tutilmaydi.
Navbatdan tashqari safarga yuborish masalasi istisno tariqasida mahalla fuqarolar yig'inidagi Haj hay'ati yig'ilishida barcha navbatda turgan fuqarolar bilan muhokama qilinib, ular o'z navbatlari o'rniga nomzodning yoshi, el-yurt manfaati yo'lidagi xizmatlarini inobatga olib tavsiya etsalar va bu ishlar mahalla, tuman, viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlangan taqdirda ijobiy hal bo'lishi mumkin.

Din ishlari bo'yicha qo'mita
Xalqaro aloqalar bo'limi