O'ZINI UNUTGANLAR YOXUD QALBI MUHRLANGANLAR
Inson azizu mukarram bo'lib yaratgan. Uning qalbini mehru muhabbat, sog'inch va go'zallikka oshufta 
qilgan. Shuning uchun yer yuzida go'zallik va nafosat qadrlanadi. Bu haqda qancha gapirsak ham oz.
Lekin men masalaning ikkinchi tomoniga to'xtalmoqchiman. Shunday go'zal yaratilgan insonning qalbida 
adovat, shafqatsizlik, g'araz, buzg'unchilik kabi so'z bilan ta'riflash qiyin bo'lgan yomon odatlar qanday 
yashab kelmoqda?.. Bu insonning o'z nafsi oldidagi ojizligimi yoki shaytoni la'inning nayrangimi?!
Bu illatlar farovon kishilik jamiyatining asosi bo'lgan BAG'RIKENGLIK tamoyiliga putur 
yetkazmoqda. Xususan, bugungi kunda bir butun bo'lgan yer yuzining insonlar yashaydigan hamma joyida ham 
tinchlik, omonlik hukm surmayotgani har bir sog'lom fikrli insonni o'ylantiradi. Nafaqat o'ylantiradi, 
balki jiddiy tashvishga soladi.
Din – nasihat. Hech bir dinda inson yovuzlikka chorlanmaydi. Ayniqsa, Islom dini odamzodni tom 
ma'nodagi ezgulikka yetaklaydi. Ularni nafaqat bir-birlariga, hatto tirik jonzotlarga ozor 
yetkazmaslikka undaydi.
Qo'shtirnoq ichidagi “din” nomidan ish ko'rayotgan, o'z nafsiga erk bergan, uyushgan jinoyatchi to'dalar 
vahshiyona qotilliklarni amalga oshirishdan o'zlarini to'xtata olmayotgani kishi qalbini larzaga soladi. 
Ularning bu xatti-harakatlari Xalqaro huquq me'yorlarida ham O'zbekiston Jinoyat qonuni me'yorlarida 
ham insoniyatga qarshi o'ta og'ir jinoyatlar deb topiladi.
Alloh taolo Qur'oni karimning Baqara surasi 7-oyatida “Ularning qalblari va quloqlariga Alloh muhr 
urib qo'ygan. Ko'zlarida esa, parda (bor). Ular uchun ulkan azob (tayyorlab qo'yilgandir)”, deya bayon qilgan. 
Baqara surasining 18-oyatida yana shunday deyilgan: “(Ular ma'nan) kar, soqov va ko'rdirlar. Bas, ular 
zinhor (hidoyatga) qayt­magaylar”.
Ularning karligi – haq gaplarni tinglamasliklari, soqovlik­lari – haq gapni gapirmasliklari, 
ko'rliklari esa haq narsani ko'rib, tasdiq etmasliklaridir.
Internet xabarlarida ma'lum qilinishicha, joriy yilning 17 may kuni ISHID jangarilari tomonidan 
Iroqning Ramadi shahrida 503 nafar mahalliy aholi qatl qilingan. Qurbonlarning yarmidan ko'pini 
ayollar va bolalar tashkil etgan.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti mas'ullari BMT Xavfsizlik kengashi majlisida 2014-
2015 yillarda jangarilar joylashib olgan hududlarda tezkor gumanitar yordamga muhtoj bolalar soni 
5,6 millionga yetganini ma'lum qilishgan.
Bu holatlar terrorchi guruhlar o'rnashib olgan hududlarda ijtimoiy vaziyat mutlaqo izdan chiqib, 
insonlarning qadri toptalayotganidan dalolat beradi. 
Shu o'rinda Prezidentimiz Islom Karimov shu yil 9 may – Xotira va qadrlash kunida omma­viy axborot 
vositalari vakillari bilan bo'lgan suhbatida “Jahonning turli mintaqa va hududlarida qarama-
qarshilik va ziddiyatlar, qonli mojarolar, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi xavf-
xatarlar tobora kuchayib bormoqda”, “... barchamizdan beparvolikka yo'l qo'ymasdan, doimo ogoh, sezgir va 
hushyor bo'lishni zamonamizning o'zi talab qilmoqda”, deya kuyinib aytgan so'zlari naqadar asosli ekanini 
ta'kidlash joizdir.
Agar tarixga nazar tashlasak, o'zini unutgan yoxud qalblari muhrlangan buzg'unchi oqimlar ko'p bo'lganini 
ko'rishimiz mumkin. Biroq ularning barchasi o'zlarining botil g'oyasiga ergashib, zalolat botqog'iga botib, 
yo'q bo'lib ketganiga guvoh bo'lamiz. 
 
I.Mardonov,
O'zbekiston musulmonlari idorasi